Ayollar va qizlarning ilm-fan bilan shug‘ullanishiga teng imkoniyatlar yaratish, shuningdek, xotin-qizlarning huquqlarini to‘laqonli ta’minlash maqsadida BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Taraqqiyot maqsadlaridagi fan, texnika va innovatsiyalar” to‘g‘risidagi rezolyutsiyada 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni deb e’lon qilingan.

Ushbu sana ayollar va qizlarning ilm-fanga to‘liq va teng kirishi hamda ishtirokini rag‘batlantirish uchun yana bir imkoniyatdir. Ilm-fan va gender tengligi barqaror rivojlanishga erishish uchun juda muhim. Ushbu sananing belgilanishi Barqaror rivojlanish bo‘yicha 2030 yilgacha mo‘ljallangan kun tartibini amalga oshirishdagi navbatdagi muhim qadam bo‘ldi.

Barqaror rivojlanish yo‘lidagi eng katta muammolarni hal qilish salomatlikni yaxshilashdan tortib, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashishgacha – ilm-fan sohasidagi yetuk iste’dodlarga tayanadi. Shu sababli, ayollarni ilm-fan sohalariga yanada ko‘proq jalb etish dolzarb masaladir. Tadqiqotlarning xilma-xilligi iqtidorli tadqiqotchilar safini kengaytiradi, yangi istiqbollar, iste’dod va ijodkorlikni keltirib chiqaradi.

Mazkur sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, Abdulla Qodiriy nomidagi Prezident ijod maktabi, Yoshlar ishlari agentligi va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligida “Barqaror taraqqiyot: ilm-fan va biznesda xotin-qizlar tashabbuslari” IV xalqaro konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

Ushbu anjuman an’anaviy tarzda bir necha yillardan beri tashkil etiladi. Bu yilgi konferensiyaga ham 200 ga yaqin maqola kelib tushgan bo‘lib, anjuman materiallari to‘plam sifatida nashr ettirildi. Har bir maqolaga DOI raqam berilib, maqolalar Google Scholar, “Cyberleninka”, “archive.org” kabi bazalarda indekslandi.

Tadbirda Bangladesh, Turkiya, Xitoy Xalq Respublikasi, Hindiston, Koreya kabi xorijiy davlatlarning hamkor OTMlari va ilmiy-tadqiqot institutlari vakillari ham o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi.

Qayd etish lozimki, o‘tgan davrda jahon hamjamiyati xotin-qizlarni ilm-fanga jalb etish borasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Hayotning barcha jabhalarida ayollarning imkoniyatlarini kengaytirish, xotin-qizlarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish ayni vaqtda Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining ham ustuvor vazifalaridan biri etib belgilandi.

Konferensiyada joriy yilda Gender tenglikka erishish strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi ham ko‘rib chiqildi. Unda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish, xotin-qizlarda ilmiy va startap g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA