Qaror va ijro

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan  2022 yil 1 yanvardan boshlab mamlakatimizning har bir shahar va tumanlaridagi ovul  va mahallalarida  tadbirkorlikni  rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash  va kambag‘allikni  qisqartirish  masalalari bo‘yicha hokim yordamchisi lavozimi joriy etildi.

– Hududimizdagi 40 ta mahalla va ovulda hokim yordamchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, hozir ular tomonidan mahallalarda ishsizlikni kamaytirish, aholi bandligini ta’minlash  maqsadida bir qator ishlar amalga oshirilmoqda, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ellikqal’a tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Bobur Alimov. – Xususan, hokim yordamchilari tomonidan 2023 yilda  209 nafar ishsiz fuqaroga jami 1,9 milliard so‘mlik subsidiya, 3 ming 660 nafar o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘ymoqchi bo‘lgan ishsiz fuqaroga jami 73,6 milliard so‘mlik kredit ajratildi.

O‘zbekiston  Respublikasi Prezidentining 2022 yil 10 sentyabrdagi “Dehqon xo‘jaliklari tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi daromadlarini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq, 646 nafar fuqaroga jami 362 gektar yer maydoni “E-AUKSION” elektron savdo platformasi orqali sotildi.
Bundan tashqari, tumanda 2023 yil yakuniga qadar ishsiz aholini doimiy, vaqtinchalik va mavsumiy ish bilan band qilish bo‘yicha 19,8 ming ish o‘rni yaratish rejasi belgilab olindi.

Tumandagi yangi investitsiya loyihalari hamda hokim yordamchilari tomonidan  tashkil qilingan yangi kichik biznes sub’ektlarida ish o‘rinlari yaratish orqali amalda 21 ming 616 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Shuningdek, 516 ta yangi kichik biznes sub’ektini tashkil qilish rejasini bajarish maqsadida sektor rahbarlari, tuman hokimi o‘rinbosarlari, tumandagi tijorat banki  rahbarlari, moliya va g‘aznachilik bo‘limi, hokim yordamchilari, xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchilari bilan birgalikda har chorakda bittadan yangi sub’ektni tashkil qilish bo‘yicha ishlar olib borildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tomonidan 2023 yil 2 fevralda  o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqqa asosan, tumanda yangi kichik biznes sub’ektlarini tashkil etish bo‘yicha mahallalardagi to‘rtlik (mahalla raisi, hokim yordamchisi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi) tomonidan jami 74,6 milliard so‘mlik 490 ta loyiha amalga oshirildi. Mazkur loyihalar asosida 879 nafar ish o‘rni yaratildi.

2022 yil 25 iyuldagi “Mahallalarda sanoat, hunarmandchilik, kasanachilik va chorvachilik mikromarkazlarini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, bir nechta mahallalar tutashgan markazlarda “Mikromarkaz” tashkil qilish belgilanganligi ko‘rsatilgan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida tumandagi “Ellikqal’a” ovuli hududida bo‘sh turgan binodan maqsadli foydalangan holda uni auksion orqali ijaraga olib, “Mikromarkaz” tashkil qilindi. Mazkur markazda 20 nafar (shundan 10 nafari “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”dan) ishsiz fuqaroning bandligi ta’minlanishiga erishildi.

Ellikqal’a  tumani asosan turizm va uzumchilikka ixtisoslashganligini inobatga olib, Sharq yulduzi ovuli hamda Saxtiyon  shaharchasini turizm mahallasiga aylantirish  maqsadida mazkur mahallalarning hokim yordamchilari shu yo‘nalishda malakalarini oshirib keldi. Hozir tumanda “Aqchako‘l” bo‘yida turizm rekreatsion hududini tashkil qilish bo‘yicha ishlar jadal amalga oshirilmoqda. Mazkur loyihani ishga tushirish orqali hokim yordamchisining mahalla xatlovi asosida shakllantirilgan ishsizlar birinchi navbatda ishga joylashtirilishi belgilangan. Bundan tashqari, Sharq yulduzi ovulida uzumchilik plantatsiyalari tashkil qilish ishlari boshlab yuborildi.

Hozir mahallalardagi hokim yordamchilari  tumandagi iqtisodiy soha tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda kambag‘allikni qisqartirish borasida “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” dasturini tashkil qilish bo‘yicha targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilib, mazkur dasturning qulayliklari to‘g‘risida tumandagi 300 nafardan ortiq lider tadbirkor bilan suhbat tashkil qilindi.

Hokim yordamchilari tomonidan tumandagi tadbirkorlarning o‘z tashabbuslari bilan aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlariga qo‘shimcha ravishda infratuzilmalarni yaxshilash, imtiyozli kreditlar ajratish, subsidiya va moliyaviy ko‘mak hamda soliq va bojxona imtiyozlari bo‘yicha takliflari ham shakllantirildi. Mazkur takliflarning ijobiy hal qilinishi tashabbuskor tadbirkorlar tomonidan yana qo‘shimcha ishchi o‘rinlari yaratilishiga hamda ishsiz fuqarolarning bandligi ta’minlanishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri