2024 yil 9 fevral kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining elliginchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi.

Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.

Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.

Senatning yalpi majlisida dastlab “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ma’lumki, keyingi yillarda mamlakatimizda ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarni qo‘llab-quvvatlash tizimi samaradorligini oshirish doirasida kambag‘allikni qisqartirish hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolari bandligini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, soliq imtiyozlari va preferensiyalar, xususan, soliqlarni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyatini berish hamda pasaytirilgan soliq stavkalarini belgilash orqali tadbirkorlik sub’ektlarini kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan chora-tadbirlarga faol jalb qilish maqsadga muvofiq.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga tadbirkorlik sub’ektlariga ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab tegishli soliqlarni muayyan muddatlarda bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilishini, shuningdek, yuridik shaxslarning mol-mulkiga solinadigan soliq va yuridik shaxslardan olinadigan yer solig‘i pasaytirilgan soliq stavkalari bo‘yicha to‘lanishini nazarda tutuvchi qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, Kodeksda ko‘zda tutilgan qo‘shilgan qiymat, foyda solig‘i hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan tashqari barcha soliqlarni ular yaratgan yangi ish o‘rinlari soniga qarab bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati berilmoqda. Jumladan:

– 51 tadan 100 gacha yangi ish o‘rni yaratilganda – uch oygacha;

– 101 tadan 200 gacha yangi ish o‘rni yaratilganda – olti oygacha;

– 200 tadan ortiq yangi ish o‘rni yaratilganda – o‘n ikki oygacha, etib ifodalandi.

Shuningdek, “20 ming tadbirkor – 500 ming malakali mutaxassis” Dasturi doirasida “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni ishga qabul qilgan va ular jami ishchilar sonining kamida 20 foizini tashkil etgan yuridik shaxslarga mol-mulk solig‘i va yer solig‘idan imtiyoz berilmoqda. Bunda soliq imtiyozi miqdori, tadbirkorlik sub’ektlari tomonidan yangi ish o‘rinlari sonidan kelib chiqib quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

– 51 tadan 100 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 50 foizi;

– 101 dan 200 tagacha yangi ish o‘rni yaratilganda – belgilangan soliq stavkasining 75 foizi;

– 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilganda esa – ushbu soliqlarni to‘lashdan ozod etiladi.

Korxona ishga qabul qilingan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan fuqarolarga kamida 1 yil davomida har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining bir baravaridan kam bo‘lmagan ish haqini to‘lab, bandligini ta’minlashi kerak.

Senatorlar ta’kidlaganidek, ushbu qonun aholi bandligining o‘sishiga, kambag‘allikni qisqartirishga hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolarini ishga qabul qilishda tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga kredit majburiyatlarini bajarish tartibini takomillashtirish hamda aholining mikromoliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Qonun bilan Fuqarolik kodeksiga va “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Fuqarolik kodeksiga kiritilayotgan qo‘shimchalarga asosan aholi va tadbirkorlarga ajratilgan mikroqarz yoki kredit bo‘yicha amalga oshirilgan to‘lov summasi, agar qarz oluvchining majburiyatlarini bajarish uchun yetarli bo‘lmasa, qarz oluvchining qarzi belgilangan tartibda undiriladi.

Eng avvalo, asosiy qarz bo‘yicha muddati o‘tgan qarzdorlik va muddati o‘tgan foiz to‘lovlari mutanosib ravishda uziladi. So‘ngra joriy davr uchun hisoblangan foizlar va joriy davr uchun asosiy qarz bo‘yicha qarzdorlik so‘ndiriladi. Uchinchi navbatda neustoyka (jarima, penya)lar va keyingi navbatda kreditorning qarzdorlikni uzish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlari undiriladi.

Shu bilan birga, Fuqarolik kodeksiga kredit bo‘yicha qarzdorlikni va hisoblangan foizlarni undirish haqida sudning hal qiluv qarori chiqarilganda mazkur kredit bo‘yicha foizlar, shuningdek, neustoyka hisoblanishi to‘xtatilishiga oid o‘zgartirish va qo‘shimcha kiritilmoqda.

Bundan tashqari, “Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida”gi qonunga ham o‘zgartirish kiritilayotgan bo‘lib, unga ko‘ra jismoniy shaxs bo‘lgan qarz oluvchiga ajratiladigan mikroqarz miqdori 50 million so‘mdan 100 million so‘mga oshirilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun aholi va tadbirkorlarga mikroqarz yoki kredit olib foydalanish jarayonlarini kengaytirishga, ular tomonidan kreditlarni qaytarish qobiliyati yaxshilanishiga zamin yaratadi. Shuningdek, aholini va tadbirkorlarning moliyaviy mablag‘lar hamda xizmatlarga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirish bilan birga ularning ishchanlik faolligini oshirishga va ushbu yo‘nalishdagi mavjud muammolarni hal etishga xizmat qiladi.

Qizg‘in muhokamalardan so‘ng senatorlar ushbu qonunning dolzarbligi va zarurligini e’tiborga olib, uni ma’qulladilar.

Shuningdek, yalpi majlisda senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimchalar va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanganidek, yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganligiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y bermoqda. Jumladan, 2023 yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan, jismoniy va yuridik shaxslarga esa 270,4 milliard so‘mlik zarar yetkazilgan.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish, agar yong‘in chiqishiga olib kelgan bo‘lsa, ma’muriy javobgarlikni belgilash ko‘zda tutilmoqda. Bunda ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxs Kodeksning 38-moddasiga muvofiq ma’muriy huquqbuzarlik oqibatida keltirilgan zararni qoplashdan ozod etilmaydi.

Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilib, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgan huquqbuzarlarga nisbatan qo‘llaniladigan jazo sanksiyalarini oshirish ko‘zda tutilmoqda.

Yana bir muhim jihat, yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganligi tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda mazkur shaxs yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda.

Senatorlar qonunning ma’qullanishi mamlakatimizda yong‘in xavfsizligi bilan bog‘liq sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan huquqbuzarliklarning oldi olinishiga, shuningdek, uy-joy fondida o‘z xonadonida yong‘in xavfsizligi qoidalarining buzilishi oqibatida ro‘y bergan yong‘inlar yuzasidan huquqbuzar deb topilgan fuqarolarning insonparvarlik tamoyili asosida ijtimoiy himoyasini ta’minlashga xizmat qilishini ta’kidlab o‘tdilar.

Muhokamalardan so‘ng qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga fuqarolarning ijtimoiy himoyasini yanada kuchaytirishga qaratilgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda keksalarni va mehnatga layoqatsiz shaxslarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga qaratilgan islohotlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Jumladan, pensiya tayinlash tartib-taomillari soddalashtirilmoqda va raqamlashtirilmoqda, ortiqcha byurokratik to‘siqlar bartaraf etilib, pensiya ta’minoti tizimida davlat xizmatlari ko‘rsatish sifati tubdan yaxshilanmoqda.

Shu bilan birga, fuqarolarga pensiya tayinlashda inson omilini kamaytirish, keksalarga, nogironligi bo‘lgan va boquvchisini yo‘qotgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatish sifatini yanada oshirish talab etilmoqda.

Ushbu qonun bilan “Ijara to‘g‘risida”gi qonunga ijarachining nogiron bo‘lib qolganligi ijara shartnomasini tugatish uchun asos bo‘lishini bekor qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunda pensionerga hisoblangan, lekin uning tomonidan talab qilib olinmagan pensiya summasini to‘lash muddatini o‘n ikki oydan yigirma to‘rt oygacha uzaytirish nazarda tutilmoqda.

Qonunda pensiyaning eng kam miqdori eng kam iste’mol xarajatlari darajasidan oz bo‘lmasligini belgilash, pensiyalar miqdorlarini yil davomida tovarlar va xizmatlarning iste’mol narxlari indeksi darajasining o‘sish sur’atlarini inobatga olgan holda oshirib borish tartibi, shuningdek, mahkumlarning ozodlikdan mahrum qilingan davrda amalga oshirgan faoliyati davrini pensiya olish huquqini beradigan faoliyat turi sifatida hisobga olishga doir talab ham belgilanmoqda.

Bundan tashqari, “Fuqarolarning jamg‘arib boriladigan pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga fuqaroda davlat pensiya ta’minoti huquqi yuzaga kelganligi to‘g‘risida Pensiya jamg‘armasi tomonidan Xalq bankiga axborot tizimi orqali elektron shaklda yuboriladigan ma’lumotlar fuqaroning pensiya to‘lovlarini olishi uchun asos bo‘lishini nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Senatorlarning ta’kidlashicha, qonun Yangi O‘zbekistonning ijtimoiy davlat prinsipini amalga oshirishga qaratilgan bo‘lib, pensionerlarning moddiy farovonligini yanada yuksaltirishga, fuqarolarning elektron davlat xizmatlarini mustaqil ravishda olish imkoniyatlarini kengaytirishga, pensiya miqdorini qayta hisob-kitob qilishda inflyatsiya darajasini hisobga olish tizimini joriy etishga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijara munosabatlariga oid huquqlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida mazkur qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shundan so‘ng senatorlar “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani) to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqdilar.

Hujjat bilan Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyatining qonuniylik, mustaqillik, adolatlilik, insonparvarlik, kamsitishga yo‘l qo‘ymaslik, xolislik, ochiqlik va bola huquqlarining ustuvorligi kabi asosiy prinsiplari belgilanmoqda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakil lavozimiga saylanish kuni yigirma besh yoshga to‘lgan va kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi 5 yil muddatga Qonunchilik palatasi va Senat tomonidan saylanishi nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, qonunda Bolalar ombudsmanining asosiy vazifalari, huquqlari va majburiyatlari aniq belgilanmoqda.

Qonunga bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga taalluqli masalalarga doir qonunchilik hujjatlari loyihalari Bola huquqlari bo‘yicha vakil bilan kelishilishi majburiy tartib sifatida kiritilmoqda.

Bundan tashqari, Bolalar ombudsmani ma’ruzasi Oliy Majlis palatalarining majlislarida har yili eshitilishi nazarda tutilmoqda. Bolalar ombudsmani bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilik buzilganini aniqlaganda, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitlarni bartaraf etish haqida davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning rahbarlariga taqdimnomalar kiritishi mumkinligi aks ettirilmoqda.

Bola huquqlari bo‘yicha vakilga o‘z faoliyatiga taalluqli masalalar yuzasidan tashkilotlar rahbarlari va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan darhol qabul qilinish huquqidan foydalanish vakolati berilmoqda.

Shuningdek, qonunda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi mintaqaviy vakillari tayinlanishi belgilanmoqda.

Qonunning yana bir muhim jihati. Bolalar ombudsmani bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishga ko‘maklashishi, bolaning manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan normalarni qabul qilish yuzasidan mutasaddilarga tegishli takliflar kiritib borishi ham nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida hamda ixtisoslashtirilgan o‘quv-tarbiya muassasalarida, tergov hibsxonalarida va tarbiya koloniyalarida turgan bolalar yozma shakldagi murojaatlarini Bola huquqlari bo‘yicha vakilga yuborishi mumkinligi belgilanmoqda.

Senatorlar ushbu qonunning qabul qilinishi bolaning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida Bolalar ombudsmanining davlat tashkilotlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorligi kuchayishiga, bolaning shaxsiy, ijtimoiy-iqtisodiy hamda madaniy huquqlarining ta’minlanishiga xizmat qilishini ta’kidladilar.

Muhokamalar yakunida qonunni ma’qullash haqida Senatning tegishli qarori qabul qilindi.

Senatning yalpi majlisida “Xalqaro mehnat tashkilotining Ish haqini himoya qilish to‘g‘risidagi 95-sonli Konvensiyasini (Jeneva, 1949 yil 1 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ham ko‘rib chiqildi.

Konvensiya ish beruvchilar tomonidan pul shaklida ish haqi o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlashga qaratilgan. Konvensiya qoidalari ish haqi to‘lanadigan yoki to‘lanishi lozim bo‘lgan barcha shaxslarga nisbatan qo‘llaniladi. Konvensiya iqtisodiy faoliyatning barcha sohalari va ishchilar toifalariga tatbiq etiladi.

Muhokama davomida Konvensiyada ish haqini qarz majburiyatlari, tilxat, kupon yoki boshqa shaklda, shuningdek, tarkibida alkogol miqdori yuqori bo‘lgan spirtli ichimliklar, organizm uchun zararli giyohvand moddalar ko‘rinishida to‘lash taqiqlangani ta’kidlandi.

Senatorlar Konvensiya normalari O‘zbekiston qonunchiligiga, shuningdek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining maqsad va vazifalariga to‘liq mos kelishini qayd etdilar.

Muhokama chog‘ida Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnatkashlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar yaratishga imkon berishi, mehnatni muhofaza qilish milliy tizimini yanada takomillashtirishga salmoqli turtki berishi aytib o‘tildi.

Ushbu Konvensiya jahonning 99 ta davlati tomonidan ratifikatsiya qilingan.

Senatorlar Konvensiyaning ratifikatsiya qilinishi mehnat sohasidagi milliy qonunchilikni takomillashtirish va xalqaro mehnat standartlarini samarali joriy etishni ta’minlashga xizmat qilishini, shuningdek, O‘zbekistonning xodimlar huquqlari kafolatlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy xalqaro prinsip va standartlarga sodiqligini ko‘rsatishini alohida ta’kidladilar.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining elliginchi yalpi majlisining birinchi ish kuni yakunlandi.

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati

Axborot xizmati