Karib dengizidagi Grenadina orollari janubiy qismida joylashgan, poytaxti Sent-Jorjes shahri hisoblangan Grenada – Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdo‘stlik tarkibidan o‘rin olgan mustaqil davlatdir. 1974 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga muvofiq, davlat boshlig‘i – general-gubernator Buyuk Britaniya qiroli nomidan ish ko‘radi. Qonun chiqaruvchi idora – ikki palatali parlament, ijro hokimiyati – Bosh vazir boshchiligidagi hukumat. Parlament saylovida ko‘pchilik ovoz olgan partiya rahbari Bosh vazir etib tayinlanadi.

Vulqondan hosil bo‘lgan Grenada orollarida hozir ham mavjud bo‘lgan bir necha vulqon cho‘qqilarining eng baland nuqtasi 840 metrga teng.

Mamlakat aholisining 50 foizdan ko‘pi qora tanli, 40 foizi duragay, hindu va yevropalik, rasmiy tili – ingliz tili.

1498 yil Xristofor Kolumb kashf etgan orolni 1650 yil Fransiya egallagan. 1783 yildan Versal sulh shartnomasiga binoan, Buyuk Britaniya mustamlakasi hisoblanadi. 1967 yil Buyuk Britaniya bilan birlashgan davlat sifatida e’lon qilingan.

1974 yil fevralda mustaqillikka erishgan Grenada shu yil 17 sentyabr kuni BMT a’zoligiga qabul qilindi. Milliy bayramlari: 7 fevral – Mustaqillik kuni, 13 mart – Inqilob kuni.

Yalpi ichki mahsulotda mamlakat iqtisodiyoti asosini tashkil etadigan qishloq xo‘jaligining ulushi 15,5 foiz, sanoat ulushi 6 foiz. Asosan banan, kakao, kokos va muskat yong‘og‘i (jahonda 2-o‘rin), paxta, sitrus meva, shakar qamish yetishtiriladi. Chorvada qoramol, cho‘chqa boqiladi, baliq ovlash, o‘rmonchilik ham rivojlangan.

Sanoatida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlab, yog‘, pivo, alkogolsiz ichimliklar, shuningdek mebel, kiyim-kechak ishlab chiqaradigan kichik korxonalar bor.

Xorijiy sayyohlar tashrifi mamlakat uchun katta ahamiyatga ega. Grenadada temir yo‘l mavjud emas. Asosan dengiz porti va Sent-Jorjes shahridagi xalqaro aeroport mamlakat aholisi va sayyohlar uchun xizmat ko‘rsatadi.

Maorif sohasi ingliz ta’lim tizimi ta’sirida rivojlangan. 6-14 yoshli bolalar uchun majburiy bepul ta’lim joriy etilgan.

Xususiy maktablar ham bor. Boshlang‘ich va o‘rta maktabda o‘qish muddati  7 yildan. Hunar-texnika, pedagogika bilim yurtlari bor. Grenadada Vest-Indiya universiteti fakulteti joylashgan.

Orolda ingliz tilli “Hukumat gazetasi” (Government Gazette), “Grenada posboni” “Grenada gardian” (Grenada Guardian), “Grenada ovozi” (Grenadian Voice) haftalik gazetalari nashr etiladi.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 11 oktyabr kuni O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasida O‘zbekiston va Grenada o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatish to‘g‘risida Qo‘shma kommyunike imzolangan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA