“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash” yili munosabati bilan ishlab chiqilgan Davlat dasturi loyihasida “O‘zbekiston – 2030″ strategiyasining beshta yo‘nalishi bo‘yicha 2024 yilda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar va ishlab chiqilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar ro‘yxatlari belgilanmoqda. Loyihada shuningdek, yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologiya, davlat boshqaruvi, sud-huquq, xavfsizlik va tashqi siyosat yo‘nalishlarida joriy yilga mo‘ljallangan islohotlar nazarda tutilmoqda.

Davlat dasturi loyihasining ekologiya va “Yashil iqtisodiyot” yo‘nalishlarida belgilangan maqsad-vazifalari Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida muhokama qilinib, bu borada yana bir qator takliflar ilgari surildi.

– “Yashil iqtisodiyot” tamoyillariga asoslangan yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash, ekologik holatni yaxshilash, suv va boshqa tabiiy resurslardan unumli foydalanish davlatning asosiy maqsadlaridan biriga aylanmoqda, – dedi fraksiya rahbari X.G‘afforov. – Davlat dasturi loyihasida ham suv resurslarini tejash va atrof-muhitni muhofaza qilish yo‘nalishi doirasida bir qator muhim tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Xususan, 2024 yilda “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida kamida 200 million tup manzarali va mevali daraxt hamda butalar ko‘chatlarini ekish, respublika doirasida 444 ta yashil bog‘ barpo etish, 1,5 ming kilometr yirik kanallarni betonlashtirish ishlarini yakunlash rejalashtirilmoqda. Shuningdek, mamlakatimizda chang bo‘ronlariga qarshi kurashish va uning oqibatlarini yumshatish, avtotransport vositalaridan atmosferaga chiqariladigan gazlar miqdorini kamaytirish borasida muhim vazifalar belgilangan.

Yig‘ilishda fraksiya a’zolari Davlat dasturi loyihasi bo‘yicha to‘xtalar ekan, unda belgilangan har bir vazifa sohalar ravnaqiga xizmat qilishini ta’kidladi. Shuningdek, loyihani takomillashtirishga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalar berildi. Jumladan, atrof-muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilgan qonun loyihalarini ishlab chiqish, parlamentning o‘rnini yanada mustahkamlashga doir fikrlar bildirildi.

Muhokamalardan so‘ng deputatlarning Davlat dasturi loyihasi yuzasidan taqdim etgan takliflari umumlashtirilib, loyihaga kiritish uchun taqdim etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA