Keyingi yillarda mamlakatimizda elektrotexnika sanoatini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilib, bunda tarmoq korxonalari faoliyatini samarali tashkil etish va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 maydagi “Elektrotexnika sanoatini yanada rivojlantirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish va tarmoqning investitsiyaviy hamda eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu ishlar ko‘lamini kengaytirishda muhim dasturilamal bo‘layotir.

Ayniqsa, soha ravnaqida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va zamonaviy texnologiyalarni jalb etish, mahalliy xomashyo resurslarini chuqur qayta ishlash kabi tadbirlar o‘zining amaliy samarasini beryapti.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 23-25 yanvar kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu esa ikki tomon uchun barcha sohalarda o‘zaro hamkorlikning mustahkamlanishida muhim davrni boshlab beradi.

Ta’kidlash kerakki, Prezidentimizning ushbu davlat tashrifi mamlakatimiz elektrotexnika sanoatini rivojlantirishda O‘zbekiston va Xitoy davlatlari kompaniyalarining o‘zaro hamkorligiga keng yo‘l ochadi.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi axborot xizmati rahbari Namoz Tolipovning so‘ziga ko‘ra, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan mamlakatimiz korxonalari aynan Xitoy kompaniyalari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlashi har jihatdan foydalidir.

– Mamlakatimiz rahbarining 2024 yildagi ilk davlat tashrifi aynan Xitoyga amalga oshirilishida ham ramziy ma’no bor, – dedi N. Tolipov. – Ekspertlarning fikriga ko‘ra, ushbu tashrif o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga, ikki davlat munosabatlari tarixida o‘ziga xos yangi sahifani ochishga xizmat qiladi.

Ushbu davlat tashrifi doirasida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi boshqaruvi raisi Mirziyod Yunusov ham bir qator Xitoyning yirik kompaniya vakillari bilan investitsiyaviy hamkorlik aloqalarini o‘rnatish yo‘lida muzokaralar olib bormoqda. Bugun uyushmamiz rahbari “GCL Group” kompaniyalar guruhining Suchjou shahridagi bosh qarorgohiga tashrif buyurdi. Maqsad esa bu yerda ish jarayoni bilan yaqindan tanishish, tajriba almashish va hamkorlikka imkoniyatlar izlashga qaratildi.

Yig‘ilish avvalida korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari va istiqbollari bilan yaqindan tanishildi, shuningdek, uning tarixi, amalga oshirilayotgan loyihalar va istiqboldagi ishlanmalar haqida atroflicha ma’lumot olindi.

Bilamizki, Xitoy elektrotexnika, elektronika, yarim o‘tkazgichlar, “yashil” energetika sanoatida yirik konglomeratlari joylashgan mamlakat hisoblanadi. “GCL Group”– bu polisilikon, yarim o‘tkazgichli plastinalar, quyosh batareyalari, quyosh modullari,panellar va boshqa quyosh energiyasi mahsulotlarini ishlab chiqaradigan Xitoyning diversifikatsiyalangan konglomerati.

1990 yilda tashkil etilgan ushbu kompaniya dunyodagi eng yirik polisilikon ishlab chiqaruvchilardan biridir. Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 120 ming tonna polisilikonni tashkil etadi. O‘zining 6 ta sanoat klasteriga ega bo‘lib, o‘z mahsulotlarini 70 dan ortiq mamlakatlarga eksport qiladi.

Xizmat safari davomida uyushma delegatsiyasi “GCL Tech” (“GCL Group”tarkibiga kiruvchi kompaniya) vitse-prezidenti bilan ham muzokaralar olib bordi. O‘z navbatida, xitoylik vakillar hamkorlikni yangi yo‘nalishlarda rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdi.

Uchrashuv natijasida birgalikdagi loyihalarni ishlab chiqish jarayonlarini tezlashtirish va keyingi bosqichga o‘tish to‘g‘risida qaror qabul qilindi va Xefey shahridagi kompaniya zavodlaridan biriga tashrif buyurish taklif qilindi.

Muxtasar aytganda, ushbu soha iqtisodiyot rivojida muhim bo‘lib, bu borada hamkorlik nafaqat o‘zbek mutaxassislari uchun, balki xitoylik vakillar uchun manfaatlidir. Bu uchun esa ayni kutilayotgan natijalarni olib kelishga imkoniyat yaratadi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi