Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish sohasini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdi.

Mazkur qonun loyihasi bo‘yicha ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev ma’ruza qildi:

– Mamlakatimizda turli axborot tizimlarida va masofaviy xizmat ko‘rsatishda shaxsni identifikatsiyalashning yagona mexanizmini joriy etish maqsadida identifikatsiyalovchi ID-karta berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Xorijga chiqish pasporti, identifikatsiyalovchi ID-karta kabi hujjatlar davlat mulki hisoblanib, ularni ehtiyot qilib saqlash, foydalanish, belgilangan muddatda rasmiylashtirib olish yoki almashtirish har bir shaxsning burchidir. Mamlakatimizda pasport tizimi qoidalari joriy etilgan bo‘lib, ularni buzganlik uchun ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan.

Ushbu qonun loyihasi bilan bu boradagi bir qator jarimalar maqbullashtirilmoqda. Jumladan, pasportsiz doimiy yoki vaqtincha ro‘yxatdan o‘tmay yashash, amal qilish muddati tugagan, shaxsga doir ma’lumotlar o‘zgargani sababli almashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlarni o‘z vaqtida almashtirmaganlik uchun bazaviy hisoblash miqdorining bir baravari, ya’ni 340 ming so‘m, pasportni qasddan yaroqsizlantirish yoki uni ehtiyotlab saqlamaganlik oqibatida yo‘qotilganlik uchun BHMning 2 baravari miqdorida jarima solish belgilanmoqda.

Shuningdek, ayrim toifadagi shaxslar, ya’ni, o‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan, oltmish yoshdan oshgan, to‘liq davlat ta’minotida bo‘lgan, shuningdek, favqulodda vaziyatlar, turar yoki noturar joylarning yonishi, qulashi, transport vositalarining yonishi kabi hodisalar ro‘y berganligi natijasida jabrlangan shaxslarni pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartani belgilangan muddatlarda rasmiylashtirmaganlik yoxud doimiy yashash yoki vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmaganlik kabi huquqbuzarliklar uchun javobgarlikdan ozod etish belgilanmoqda. Shu bilan birga, migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari rahbarlariga pasport tizimi qoidalarini buzish bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun qaror qabul qilish vakolati berilmoqda, – dedi vazir o‘rinbosari.

Muhokamalarda so‘z olgan deputat O‘ktam Islomov qonun loyihasidagi ayrim normalar bo‘yicha e’tiroz bildirdi.

– Ushbu qonun loyihasida ma’muriy javobgarlik choralarini liberallashtirish taklif etilayotgani aytildi. Ammo aslida amaldagidan ko‘ra og‘irlashtirilayotgani yaqqol sezilib turibdi. 223-modda ikki qismga ajratilyapti. Birinchi qismda pasportni muddati o‘tgani yoki ma’lumotlari o‘zgargani sababli almashtirish masalasida BHMning bir baravari miqdoridagi jarima ko‘zda tutilmoqda. Amaldagi tartibda 0,5 dan 3 baravarigacha edi. Moddaning 2-qismida pasportni yo‘qotib qo‘ysa yoki qasddan shikast yetkazsa, BHMning 2 baravari deyilyapti. Amalda esa bu holatda ham 0,5-3 baravargacha edi. Amaliyotdagi holatlar tahlil qilinganda, bu turdagi javobgarliklar uchun asosan BHMning 0,5 miqdorida jarima qo‘llanilgan. Endi esa yarim oklad bo‘lib turgan jarima 4 baravarga oshirilyapti. Bu noto‘g‘ri bo‘ladi. Amaldagi BHMning 0,5 baravari holatida qoldirish, agar takrorlansa, miqdorini oshirish lozim.

Bunga javoban ayrim raqamlar keltirildi. 2022 yilda pasport tizimi bo‘yicha 130 mingta fuqaro javobgarlikka tortilgan bo‘lsa, shundan 70 foizi, 2023 yilda 62 foizi 0,5 miqdorida jarima to‘lagan. Yana bir jihat borki, agar jarima 15 kun ichida to‘lanadigan bo‘lsa, jarimaning yarmi to‘lanadi. Demak, amaldagi 0,5 baravarga to‘g‘ri kelib qoladi.

Deputat Doniyor G‘aniyev esa “ID-kartani yo‘qotganlik uchun jarima to‘lash mantiqsizlik” dedi:

– Har bir ID-kartadan ishlab chiqaruvchilar foyda ko‘radi. Ya’ni, ID-kartani ishlab chiqaruvchi xususiy sektor vakillari hisoblanadi, ular har bitta ID-kartadan daromad oladi. Uni rasmiylashtirib olishda to‘lovini to‘lab, ya’ni, o‘zimni pulimga sotib olyapman va shaxsiy mulkimga aylanyapti. O‘zimni mulkimni yo‘qotganim uchun ham to‘lovini to‘layman, ham jarima to‘lashim kerak?! Bu mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi.

Qizg‘in bahs-munozaralarda bir qator savol va e’tirozlar, takliflar bildirildi. Mas’ul qo‘mita vakillari qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida berilgan takliflar asosida yanada takomillashtirilishini bildirdi. Shundan so‘ng deputatlar qonun loyihasini konseptual jihatdan ma’qulladi.

Muhtarama Komilova, O‘zA