Qirg‘iziston 2035 yilgacha avval yuzaga kelgan qarzlarini to‘laydi. Bu haqda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov “Kabar” axborot agentligiga bergan intervyusida ma’lum qilgan.

– Ilgari olingan kreditlar o‘zini-o‘zi ta’minlovchi loyihalar uchun ishlatilmadi. Pul qumga botgandek g‘oyib bo‘ldi. “Shimol-Janub”, “Datka-Kemin” muqobil yo‘li, IES uchun olingan so‘nggi kreditlar to‘g‘ri bo‘ldi. Bizga bu loyihalar kerak edi, lekin ular bizga ikki barobar qimmatga tushdi. Nazorat juda yomon edi, o‘g‘irliklar bo‘ldi”, deb tushuntirgan prezident.

Sadir Japarovning fikricha, qarzlarni to‘lash muddati kelgan, davlat ularni to‘lashga kirishgan.

– 2035 yilga borib biz ilgari yuzaga kelgan qarzlarni to‘laymiz. Biz barcha zaxiralarimizni to‘plashimiz mumkin. Buning uchun davlatimizning kuchi yetarli. Ilgari boshqacha edi. Siz buni yaxshi bilasiz. Kredit olishda shartnomada qarzni muddatidan oldin to‘lash shartlari ko‘rsatilgan, bunda foiz stavkasi sezilarli darajada oshadi. Bunday asossiz sarf-xarajatlar Qirg‘iziston uchun foydali emas, shuning uchun qarz jadval asosida to‘lanadi”, — deydi u.

Ayni paytda Qirg‘iziston “ikki marta o‘lchab, bir kes” tamoyili bo‘yicha ish olib boradi, qaysi loyiha, qanday sharoitda va qachon o‘zini-o‘zi ta’minlashga kirishishini aniq hisoblab chiqadi.

– Qambarota GES-1 qurilishi uchun kredit olishga tayyormiz. Tez orada mablag‘ olamiz. Qambar ota-1 GESi qurib bitkazilsa, 12-13 yilda o‘zini oqlaydi. Shundan so‘ng u ham To‘qto‘g‘ul GESi kabi uzoq yillar davlatga foyda keltiradi”, — deydi Prezident.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li o‘zining qimmatligi va 35-40 yil ichida o‘zini oqlash muddati bilan bu haqda o‘ylashga majbur qiladi. Shu bilan birga, loyiha Qirg‘izistonni boshi berk ko‘chadan tranzit mamlakatga aylantirish imkonini beradi.

– Yo‘l qirg‘iz xalqi va davlatiga umrbod xizmat qiladi. Biz bu loyihani tashqi qarz yo‘li bilan emas, balki boshqacha yo‘l bilan amalga oshirishni ko‘rib chiqyapmiz. Xudo xohlasa, tez orada bu masalani hal qilib, qurilish ishlarini boshlaymiz. Qirg‘izistonliklar boshqa loyihalar uchun olgan qarzlari haqida qayg‘urmasliklari kerak. Har bir joriy loyiha davlat byudjetiga ta’sir qilmasdan o‘zini oqlaydigan loyihadir, – deya ta’kidladi u.

Avvalroq Sadir Japarov Qirg‘izistonda joriy yilda sug‘orish suvi tanqisligini bartaraf etish maqsadida vaqtinchalik yangi suv havzalari barpo etilishini, bu esa qo‘shni davlatlarni ham suv bilan ta’minlashini aytgan edi.

G.Sattorova, O‘zA