“Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilinishi kutilmoqda.

Lekin mazkur qonun bilan bog‘liq munozaralar hali davom etmoqda. Qonunni qabul qilishdan asl maqsad nima o‘zi? IIV Akademiyasi kafedra boshlig‘i, yuridik fanlar doktori, professor Jahongir Yuldashev bilan shu haqda suhbatlashdik.

– Qonun bilan mamlakatimizda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, yangi turdagi qo‘pol qoidabuzarliklar sodir etgan shaxslarga nisbatan jazo muqarrarligini ta’minlash masalalari mustahkamlanmoqda.

Undagi normalardan biriga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga yangi 195-2-modda kiritilib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarini bajarishi chog‘ida olingan foto va videotasvirlarni ularni obro‘sizlantirish maqsadida Internet axborot tarmog‘ida joylashtirganlik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Mazkur xatti-harakatlar uchun jazo chorasi sifatida bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari miqdorida jarima yoki o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olish nazarda tutilmoqda.

– Bunga qanday zarurat bor edi?  

– Huquqni qo‘llash amaliyoti natijalaridan ko‘rish mumkinki, bugungi kunda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarining asosiy sabablari o‘rnatilgan qoidalarni mensimaslik va transport vositalarini mast holda boshqarganlik bilan bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Shuningdek, yo‘l-harakati xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan xodimlarning qonuniy talablarini bajarmaslik, ularning xizmat faoliyatiga to‘sqinlik qilish hamda ular to‘g‘risidagi noto‘g‘ri, noaniq va buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni obro‘sizlantirish maqsadida internet tarmoqlariga joylashtirish holatlari ko‘payib bormoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 va 2023 yillarda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l patrul xizmati xodimlari fuqarolar tomonidan 253 marta foto va videotasvirlarga olinib, internet tarmoqlariga tarqatilgan.

Aniqlanishicha, tarqatilgan materiallarning 102 tasida (40,3 foizida) haydovchilar yo‘l harakati qoidalarini o‘zlari buzgan bo‘lsada, xodimlarning xatti-harakatlariga noto‘g‘ri izoh bergan holda ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirgan. Bunday holatlar xodimlarning xizmatni o‘tash bilan bog‘liq faolligining susayishiga hamda sha’ni va qadr-qimmati kamsitilishiga sabab bo‘lmoqda.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi qonunchilikka taklif etilgan yangi norma bilan yuqoridagi kabi salbiy holatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolati kuchaytirilmoqda.

– Kiritilayotgan qoidalardan asosiy maqsad nima?  

– Asosiy maqsad jazolash emas, balki jazoning profilaktik va ogohlantirish funksiyasini yanada kuchaytirish ekanini alohida qayd etib o‘tish lozim. Buni qonun normasi tahlilidan ham bilish mumkin. Jumladan, mazkur normaning qator muhim jihatlari mavjud.

Jumladan, ushbu qoidalar shaxsning erkin axborot olish va tarqatish huquqini cheklashni nazarda tutmaydi. Shaxs kelgusida o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari (ularning faoliyati)ni istalgancha foto va videotasvirga olishi mumkin.

Qonun normasi bilan har qanday hollardagi emas, balki faqatgina jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq xizmat vazifalarni amalga oshirish vaqtidagi foto va videotasvirlarni xizmat olib borayotgan xodimni obro‘sizlantirish maqsadida internet tarmog‘iga joylaganlik tegishli javobgarlikni yuzaga keltiradi.

Javobgarlik yuzaga kelishi uchun joylanayotgan axborotlar yolg‘on, noaniq yoki buzib ko‘rsatilgan bo‘lishi lozim. Aks holda qilmishni ushbu modda bilan malakalash mumkin bo‘lmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, qonun ijodkorlari mazkur normaning matnini ishlab chiqishda insonparvarlik tamoyiliga asoslangan. Ya’ni, yuqorida keltirilgan shartlarning barchasi bo‘lgandagina javobgarlik yuzaga keladi.

– Bu borada xorijiy davlatlarning tajribasi o‘rganilganmi?  

– Albatta. Buyuk Britaniyada xizmat olib borayotgan politsiya xodimi yoki qurolli kuchlari askarini tasvirga olib, internetga joylashtirganlik uchun jarimadan tortib, kelib chiqqan oqibatiga qarab o‘n yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Fransiya, Germaniya, Vengriya davlatlarida ham ushbu harakatlar tegishli javobgarlikka sabab bo‘ladi. Yaponiyada esa, shaxsiy xavfsizlik nuqtayi nazaridan politsiya xodimlarini ularning ruxsatisiz suratga olish taqiqlangan.

Xulosa qilib aytganda, qonun mamlakatimizda huquq-tartibotni mustahkamlashda muhim o‘rin tutadi. Xususan, yo‘l harakati ishtirokchilarning yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishini ta’minlashga hamda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarning oldini olishga, fuqarolarni qonunlarga rioya etish va ularni hurmat qilish ruhida tarbiyalashga xizmat qiladi.

 

Norgul Abduraimova, O‘zA