Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari faoliyatini tashkil etish hamda yoshlarning tadbirkorlikka oid tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash yuzasidan o‘tgan yilda Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi izchil faoliyat yuritdi.

Natijada respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan mamlakatimizdagi 15 ta Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashqi muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlash xarajatlariga 16,3 milliard so‘m ajratildi. Ob’ektlarda 9,9 milliard so‘mlik ishlar bajarildi va 10,2 milliard so‘m moliyalashtirib berildi.

Shuningdek, ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturida mahalliy byudjetlarning qo‘shimcha mablag‘lari hisobidan 29 ta loyihaga 159,1 milliard so‘m hamda Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 116 ta loyihaga 29,4 milliard so‘m ajratilishiga erishildi.

Tadbirkorlik infratuzilmasini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qurilish-ta’mirlash ishlari uchun avans to‘lovlari bilan birga jami 13,6 milliard so‘m moliyalashtirildi.

Bu mazkur qo‘mitaning 2023 yilda amalga oshirgan faoliyati sarhisobiga bag‘ishlangan yig‘ilishda qayd etildi.

O‘tgan yilda qo‘mita tomonidan o‘tkazilgan 15 ta muhokama jarayonida faoliyatga doir 50 ga yaqin muhim va dolzarb masalalar ko‘rib chiqildi. Qo‘mita mas’ulligida 3 ta qonun yalpi majlislarga olib chiqildi hamda 7 ta nazorat-tahlil tadbiri o‘tkazildi.

Ta’sirchan parlament nazorati doirasida bir qator ijobiy natijalarga ham erishildi. Jumladan, Madaniyat vazirligi tizimidagi barcha oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallari kutubxona fondidagi o‘quv adabiyotlari to‘liq elektron shaklga o‘tkazildi.

Respublika baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktab-internati kutubxonasiga “O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari” nomli 100 jildli kitoblar to‘plami taqdim etildi.

Qo‘mita joylarda qonunlarning ijrosi holatiga ham alohida e’tibor qaratdi. Xususan, “Voyaga yetmaganlar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to‘g‘risida”gi qonunning Samarqand viloyatida ijro etilishi holati joyiga chiqib o‘rganildi. O‘rganish natijalari xalq deputatlari Samarqand viloyati kengashi bilan o‘tkazilgan qo‘shma majlisda muhokama etilib, qo‘mita va kengashning qo‘shma qarori qabul qilindi. Natijada viloyatda voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatlar soni qariyb 40 foizga kamayishiga erishilgan.

Muzey ashyolari va kolleksiyalarini saqlash hamda ularning xavfsizligini ta’minlash yuzasidan ko‘rilayotgan choralar natijadorligi o‘rganilib, aniqlangan kamchilik va muammolarni hal etish maqsadida Madaniy meros agentligiga parlament so‘rovi yuborilgan. Natijada muzeylar faoliyatiga oid normativ-huquqiy hujjatlar xatlovdan o‘tkazildi hamda amaldagi sohaga taalluqli qonunlar umumlashtirilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi Madaniy meros kodeksi loyihasi tayyorlandi.

O‘zbekiston davlat san’at muzeyida ta’mirlash ishlarini amalga oshirish uchun Madaniy meros jamg‘armasi hisobidan 2,2 milliard so‘m ajratildi.

O‘tgan yilda aholi bilan bevosita muloqot qilish, ularni tashvishga solayotgan masalalar yechimi qo‘mita faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri bo‘ldi. Qo‘mitaga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 525 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 175 tasiga huquqiy tushuntirish berildi. Qo‘mita tomonidan 277 (53 foiz) nazoratga olingan murojaatdan 58 tasi ijobiy hal etilgan.

Qo‘mita a’zolari tomonidan 1 ming 630 ta yozma murojaat ko‘rildi va 200 ga yaqin sayyor hamda 420 ta shaxsiy qabul tashkil etildi. Ushbu qabullarda 2 mingga yaqin masalani ijobiy hal qilish choralari ko‘rildi. Aniqlangan masalalar yechimini topish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 30 ga yaqin senator so‘rovi yuborilgan.

Senatorlar, vazirlik va idoralar mas’ullari, ekspertlar, shuningdek, hududlardan mahalliy kengashlar deputatlari hamda Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirok etgan majlisda yuqoridagi kabi ishlar qo‘mitaning 2024 yildagi ish rejasidan joy olgani ta’kidlandi.

N.Abduraimova, O‘zA