Qurbonlar soni 68 nafarga yetgan Dok-1 Maks fojeasi bo‘yicha davom etayotgan sudning 10 yanvar kungi majlisida 68 nafar bola vafot etgani, 16 nafari esa og‘ir, 2 nafari yengil tan jarohati olgani tasdiqlandi. Shuningdek, sud Farruh Tolipov va Farhod Nazarovga ayblov e’lon qilgan bo‘lib, ayblov xulosasini o‘qib eshittirdi. Tolipov Jinoyat kodeksining 214-moddasi 3-qismi ”a” bandi bilan, Nazarov esa 228-modda 2-qismi “a,b” bandlari va 228-modda 3-qismi bilan ayblanmoqda.

Sud davomida 23 nafar sudlanuvchining shaxsiga aniqlik kiritilib, prokuror tomonidan qo‘shimcha ayblov xulosalari o‘qib eshittirildi. Sudlanuvchilarning 16 nafari o‘ziga nisbatan ilgari surilayotgan ayblovga umuman iqror emasligi, 6 nafari qisman, 1 nafari esa aybiga to‘liq iqrorligini bildirdi.

Undan so‘ng sudlanuvchilar o‘z ko‘rsatmalarini berdi. Jumladan, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq rahbari Sardor Kariyev o‘ziga nisbatan asossiz aybi bo‘lmasa ham qasddan ayblov ketganini aytadi. ”Ayblov xulosasi bo‘rttirib yozilgan, bir-biriga to‘g‘ri kelmaydigan epizodlarni qo‘shib turib o‘zbekchasiga aytganda chumolidan fel yasash nuqta’i nazaridan tuzilgan… Sud davomida men va advokatlarim tomonidan ayblov ko‘rsatilgan har bitta bandi bo‘yicha “konkret” isbotlar bilan aniqlik kiritilindi.”, degan Kariyev. “Nimaki qilingan bo‘lsa hammasi meni orqamdan qilingan. Bu narsa bo‘yicha tergov hujjatlarida, ba’zi bir shaxslarning pushaymonlik xatlarida o‘qiydigan bo‘lsak shu fikrga to‘la-tekis kelsak bo‘ladi. Men tomonimdan hech qanaqa noqonuniy topshiriqlar, qaysidir dori vositasini inspeksiyadan yechish haqida hech qanaqa noqonuniy topshiriqlar berilmagan. Hammasi bu menga nisbatan qasddan qilinayotgan ko‘rsatmalar… Men tergovdan adolat topmadim”, deb qo‘shimcha qilgan agentlikning sobiq direktori.

Shuningdek, Kariyev o‘ziga nisbatan tergov jarayonida ruhiy va jismoniy tazyiq o‘tkazilgani, haqoratlangani va oila-a’zolarini ham qamash bilan qo‘rqitilganini ham ko‘rsatma beradi. Tan jarohati bilan bog‘liq ekspertiza ishlariga keyingi sud majlislarida qaytiladi. 12 yanvar kuni sud o‘z ishinin davom ettiradi.

Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismat, Doniyor Yakubov (video, montaj), O‘zA.