Huquqiy munosabat

Ma’lumki, aholi va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlari uchun suvdan oqilona foydalanishni ta’minlash, suvni bulg‘anish, ifloslanish va kamayib ketishdan saqlash choralari ko‘rilishi natijasida isrofgarchilikning oldi olinadi.

Suv ob’ektlarining holatini yaxshilash, suvga doir munosabatlar sohasida korxonalar, muassasalar, tashkilotlar, fermer, dehqon xo‘jaliklari hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyatga ega. Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.

– O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 72-moddasiga ko‘ra suvni ifloslantirish yoki bulg‘ash, suv to‘plagich inshootlarida suvni muhofaza qilish rejimini buzish, shuningdek, suv ob’ektlariga oqindi suvni oqizishga yo‘l qo‘yish shartlari to‘g‘risidagi talablarni buzish – fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, jumladan, 1 million 20 ming so‘mdan 1 million 700 ming so‘mgacha jarima solinadi.

Mansabdor shaxslarga 5 baravaridan 10 baravarigacha, xususan, 1 million 700 ming so‘mdan 3 million 400 ming so‘mgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA