Issiq jonning isitmasi bo‘ladi, deganlaridek inson borki, ba’zida joni og‘rib, dori-darmonga, tibbiy vositalarga ehtiyoj sezadi. O‘z o‘rnida qo‘llangan va albatta, sifatli dori vositalari inson tanasiga darmon bo‘lib, shifo topadi.

Yurtimizda dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikalar muomalasi tizimini yaxshilash, aholi va tibbiyot muassasalarini arzon va sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan ta’minlash borasida keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, mahalliy farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish, zaminimizdagi darmondori o‘simlik va giyohlardan unumli foydalanish uchun barcha qulayliklar yaratilyapti.

Ushbu sohadagi qonunchilik bazasi bosqichma-bosqich takomillashtirilmoqda. Xususan, “Farmatsevtika sohasidagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ayni paytda parlament quyi palatasida maromiga yetkazilmoqda.

Ushbu qonun loyihasi bilan “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi hamda “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi qonunlarning ayrim normalariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Ya’ni, Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatidan retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini yiliga kamida bir marta tasdiqlash normasi va unga aloqador bo‘lgan bandlar chiqarilmoqda. Shu bilan birga, retseptsiz beriladigan dori vositalari ro‘yxatini Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlanishini nazarda tutuvchi ortiqcha byurokratik norma chiqarib tashlanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan “Aholini sifatli va xavfsiz dori vositalari bilan ta’minlash — davr talabi” mavzusidagi seminarda mazkur qonun loyihasi muhokama qilindi.

Deputatlarning fikricha, ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi sohadagi ayrim takrorlanuvchi va byurokratik talablarni bekor qilish orqali respublika aholisining sifatli, xavfsiz, samarador va arzon dori vositalari bilan ta’minlash darajasi oshishiga xizmat qiladi. Shuningdek, dori vositalari insonning dardiga shifo bo‘lishi kerakligi, ularning sog‘liqqa xavf, g‘irrom daromad manbaiga aylanib qolishiga zinhor yo‘l qo‘yib bo‘lmasligi alohida ta’kidlandi.

M.Komilova, O‘zA