2023 yil sportchilarimiz uchun sermahsul bo‘ldi. Ular Osiyo va jahon chempionatlari hamda kuboklarida, xalqaro turnir va Osiyo o‘yinlarida mamlakatimiz sharafini munosib himoya qilib 151 oltin, 112 kumush, 164 bronza, jami 427 meddalni qo‘lga kiritdi. Ushbu g‘alabalar O‘zbekistonda sport sohasiga qaratilayotgan ulkan e’tibor va yaratib berilayotgan shart-sharoitlar samarasidir.

O‘tgan yilgi mavsumda mamlakatimizda bir qator nufuzli musobaqalar, jumladan, 1-18 mart kunlari futbol bo‘yicha “U-20″ yosh toifasida Toshkent shahrida Osiyo kubogi o‘tkazildi. Unda terma jamoamiz a’zolari muvaffaqiyatli ishtirok etib, yakunda oltin medal va musobaqa kubogini qo‘lga kiritdi. Ularning bu g‘alabalari Prezidentimiz ko‘z o‘ngida ro‘y bergani va davlatimiz rahbari tomonidan medallarning qabul qilib olingani, albatta, unutilmas xotira bo‘lib qoldi. Shuningdek, 3-5 mart kunlari Toshkentda dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turniri ham o‘tkazildi. Unda polvonlarimiz 3 oltin, 1 kumush va 4 bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

14-16 aprel kunlari poytaxtimiz yana bir yirik sport tadbiri – Badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogiga mezbonlik qildi. Unda go‘zal qizlarimiz 1 ta kumush va 3 ta bronza medalini jamg‘argan bo‘lsa, 26-30 aprel kunlari Samarqandda baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha “U-18″ va “U-23″ yosh toifalarida Osiyo chempionati o‘tkazildi. Unda eshkak eshuvchilarimiz 6 ta oltin, 12 ta kumush, 10 ta bronza medallariga ega chiqdi. Boks bo‘yicha erkaklar o‘rtasida ilk bora Toshkent shahrida 1-14 may kunlari jahon chempionati o‘tkazildi va unda charm qo‘lqop ustalarimiz 5 ta oltin 2 tadan kumush va bronza medalini delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi. 22-29 iyul kunlari voleybol bo‘yicha “U-16″ yosh toifasidagi Osiyo chempionati ham poytaxtimizda tashkil etildi va o‘smirlarimiz kumush medal bilan birga jahon chempionati yo‘llanmasi sohibiga aylandi.

Mamlakatimizning yuksak sport salohiyati, mustahkam moddiy-texnik baza, yaratilgan shart-sharoitlar, to‘plangan boy tajriba tufayli yurtimizda har qanday yirik sport tadbiri yuqori saviyada o‘tkazilishi xalqaro sport jamoatchiligi tomonidan keng e’tirof etilmoqda. Shu bois yurtimizda nufuzli sport musobaqalari va anjumanlari muntazam tashkil etilmoqda.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, sportchilarimiz nafaqat mamlakatimizda, balki jahon arenalaridagi nufuzli musobaqalarda ham bir qator medallarni qo‘lga kiritdi. Aniqrog‘i, 2023 yilining 18-26 yanvar kunlari Tailandning Bangkok shahrida boks bo‘yicha “U-22″ toifasida Osiyo chempionati o‘tkazilib unda vakillarimiz 9 oltin va 1 tadan kumush hamda bronza medalini qo‘lga kiritdi. 10-12 fevral kunlari esa Qozog‘istonning Ostona shahrida yengil atletika bo‘yicha yopiq inshootlardagi Osiyo chempionatida 2 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza, 20-26 fevralda Bolgariyaning Sofiya shahrida boks bo‘yicha “Stranja” xalqaro turnirida 7 oltin, 4 kumush va 5 bronza, 23 fevral-5 mart kunlari Rossiyada o‘tgan “Kuzbass-2023″ qishki Osiyo bolalari o‘yinlarining xokkey bahslarida oltin medalga sazovor bo‘ldi.

O‘tgan yilgi mart, aprel va may oylari ham sportchilarimiz uchun muvaffaqiyatli o‘tdi. 15-26 mart kunlari Hindistonda boks bo‘yicha ayollar o‘rtasidagi jahon chempionatida Navbahor Hamidova bronza medaliga sazovor bo‘lgan bo‘lsa, 2-3 aprel kunlari Xitoyning Usi shahrida taekvondo WT bo‘yicha “Katta dubulg‘a” turnirida 2 ta oltin va 1 bronza, 7-14 may kunlari Qatarning Doha shahri mezbonlik qilgan dzyudo bo‘yicha jahon chempionatida 2 tadan kumush va bronza, 29 may-4 iyunda Boku shahrida taekvondo WT bo‘yicha jahon chempionatida 1 kumush va 3 bronza medallari jamg‘arildi.

Shuningdek, yoz va kuz mavsumi terma jamoalarimiz a’zolari uchun o‘ta mas’uliyatli tarzda o‘tdi. Qilichbozlikning sablya yo‘nalishida Zaynab Dayibekova Xitoyning Usi shahrida 17-22 iyun kunlari tashkil etilgan Osiyo chempionatida barcha raqiblarini yengib oltin medal sohibasiga aylandi. 8-17 iyulda esa Parij shahrida Para yengil atletika bo‘yicha dunyo birinchiligida paralimpiyachilarimiz 6 ta oltin 7 kumush va 4 bronza, “Parij-2024″ Paralimpiya o‘yinlarida 19 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 28 iyul-8 avgust kunlari Xitoyning Chendu shahrida Butunjahon Universiada o‘yinlari o‘tkazilib, unda delegatsiyamiz 8 ta kumush va 6 ta bronza medal bilan yurtimizga qaytdi. 4-17 avgustda Belarus Respublikasida ikkinchi MDH o‘yinlari o‘tkazildi. Sportchilarimiz o‘yinlarda 28 ta oltin, 25 ta kumush, 53 ta bronza medallarini delegatsiyamiz hisobiga qo‘shib qo‘ydi. 4-6 avgust kunlari Budapeshtda dzyudo bo‘yicha “Masters” turkumiga kiruvchi xalqaro turnirda 1 ta oltin va 2 ta bronza, 20-27 avgustda esa Birmingem shahrida para dzyudo bo‘yicha jahon chempionatida 1 ta oltin, 2 ta kumush, 1 ta bronza medali qo‘lga kiritildi. 23-27 avgust kunlari Germaniyaning Duysburg shahrida baydarka va kanoeda eshkak eshish bo‘yicha jahon chempionatida bitta oltin medalga egalik qilindi. Shu kunlari Ispaniyaning Valensiya shahrida Taxmina Ikromova badiiy gimnastika bo‘yicha jahon chempionatida Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini o‘zbek sportchilari ichida birinchi bo‘lib qo‘lga kiritdi.

Saudiya Arabistonida 4-17 sentyabr kunlari og‘ir atletika bo‘yicha jahon chempionati bo‘lib o‘tdi va polvonlarimiz 1 tadan oltin, kumush, bronza medallariga ega chiqdi. 16-24 sentyabr kunlari Serbiyaning Belgrad shahri sport kurashlari bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi va vakillarimiz unda 2 ta bronza medali bilan birgalikda “Parij-2024″ Olimpiya o‘yinlariga 3 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. 22-24 sentyar kunlari esa Meksikada para taekvondo bo‘yicha jahon chempionatida 2 ta oltin 1 tadan kumush va bronza, 23 sentyabr-8 oktyabr kunlari Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tgan XIX Osiyo o‘yinlarida 22 oltin, 18 ta kumush 31 ta bronza, 22-28 oktyabrda shu shaharda tashkil etilgan IV Paraosiyo o‘yinlarida 25 oltin, 24 kumush va 30 bronza, 27-28 noyabr kunlari esa Turkmanistonning Ashxobod shahrida kurash bo‘yicha jahon chempionatida 7 ta oltin, 1 tadan kumush va bronza medallari sportchilarimiz tomonidan mamlakatimizga olib kelindi.

O‘tgan mavsumning yana bir muhim voqeasi 12-25 noyabr kuni sodir bo‘ldi. Unda Afro‘za Hamdamova Montesilvanoda shaxmat bo‘yicha “U-14″ toifasidagi jahon chempionatida birinchi o‘rindan joy olib, dunyo tojini kiygan ilk o‘zbek qiziga aylandi.

Sportchilarimiz orasida 2024 yili Parij shahrida o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga ham yo‘llanmalar qo‘lga kiritildi.

Jumladan, tarixda ilk bor kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Tailandda o‘tayotgan “Parij-2024″ litsenzion turnirda Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Mazkur musobaqaning ayollar o‘rtasida yakkalik dasturida bahs olib borgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Ziyodaxon Abdusattorova finalgacha bahslarni muvaffaqiyatli o‘tkazdi. Bu esa hamyurtimizga Olimpiada yo‘llanmasini taqdim etdi. Shu tariqa, kamondan otish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi o‘z tarixida ilk bor Olimpiada yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Xalqaro velosipedchilar ittifoqi (UCI) tomonidan e’lon qilingan reyting yakuniga ko‘ra, kelasi yili Fransiyaning Parij shahrida bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston ayollar terma jamoasi 3 ta, erkaklar termasi esa 1 ta yo‘llanmaga sazovor bo‘ldi. Bu esa o‘zbekistonlik velosportchilar Olimpiya o‘yinlariga birinchi bor 4 ta yo‘llanma qo‘lga kiritishi bilan tarixda qoldi.

27 dekabr kuni Butunjahon taekvondo federatsiyasi (WT) “Parij-2024″ Olimpiadasi uchun litsenzion reyting ochkolarini jamg‘arish davri yakunlangani va u orqali Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan sportchilar nomini e’lon qildi.

Unga ko‘ra, taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Ulug‘bek Rashitov (-68 kg.) va Svetlana Osipova (+67 kg.) “Parij-2024″ Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.

Qayd etish joiz, hamyurtlarimiz birinchi bor reyting orqali ikkita yo‘llanmaga ega bo‘ldi. Shuningdek, qizlarimiz ham ilk marotaba to‘g‘ridan to‘g‘ri Olimpiada ishtirokchisiga aylanmoqda. Umid qilamizki, sportchilarimiz to‘rt yillikning eng nufuzli musobaqasida yuksak natija qayd etadi.

Shu tariqa, 2023 yilgi sport mavsumi ulkan g‘alabalarga boy bo‘ldi. Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, yuqorida sanab o‘tilgan medallarimiz faqatgina nufuzli musobaqalarda qayd etilgan natijalar sarhisobidir. Ushbu natijalardan tashqari o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida bir qancha turnirlar o‘tkazilib, ularda sportchilarimiz bir necha bor shohsupaga ko‘tarildi. Agarda ularning ham sarhisobini qilsak medallarimiz soning mingdan ortishi tabiiy. Endi sportchilarimiz 2024 yilda bir qator nufuzli musobaqalarda Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish uchun bor kuch-g‘ayratlarini ishga soladi.

Hozirda sportchilarimiz mazkur musobaqalarga davlatimiz rahbarining “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori asosida tayyorgarlik ko‘rmoqda.

Qarorga muvofiq, O‘zbekistondagi sport federatsiya va assotsiatsiyalar o‘zlariga qarashli bo‘lgan hududiy bo‘linmalarida moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, mashg‘ulot va musobaqalarni zamonaviy talablar darajasida tashkil etish uchun sharoit yaratish, mahoratli sportchilarni saralab borish tizimini takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirmoqda. O‘zbekiston sportchilari xalqaro musobaqalarga tayyorgarlikni bir qator xorijiy davlatlarda o‘tkazib kelmoqda va unda jismoniy, texnik va taktik tayyorgarlik mashqlarida yanada toblanmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, sportchilarimiz uchun har bir nufuzli musobaqalar oldidan xalqaro o‘quv-yig‘in mashg‘ulotlari O‘zbekiston Yoshlar siyosati va sport vazirligi, Milliy Olimpiya hamda Paralimpiya qo‘mitalari, federatsiya va assotsiatsiyalar tomonidan tashkil etilayotir.

Ha, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasida sport yoshlarimiz hayotining ajralmas qismiga aylanmoqda. Ular orasidan iste’dodli sportchilar kamol topib, nufuzli musobaqalarda O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘klarga ko‘tarayotir. Umid qilamizki, ushbu yilda ham sportchilarimiz erishgan yutuqlar soni o‘tgan yilgidanda yuqori bo‘ladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA