Ma’lumki, Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 2015 yilning sentyabrida Barqaror rivojlanish bo‘yicha o‘tkazilgan sammitida 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanishning 17 maqsadi va tegishli vazifalari belgilab olingan. Ushbu maqsadlar keng miqyosli masalalarni, ya’ni sog‘liq va farovonlikdan tortib iqlim o‘zgarishlarigacha, gender tengligidan tortib iste’mol va ishlab chiqarish modellari o‘zgarishlarigacha bo‘lgan jarayonni qamrab olgan.

O‘tgan davrda O‘zbekistonda ham ushbu BRM doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Buning natijasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish yechimlari tarmog‘i (SDSN) va xalqaro ekspertlar tomonidan 2023 yilda e’lon qilingan BRM (SDG index) reytingida O‘zbekiston 71,1 indeks bilan 166 ta mamlakat orasida 69-o‘rinni egalladi. Bu natija 2022 yilga nisbatan 8 pog‘onaga oshgan. 2022 yilda O‘zbekiston 69,9 indeks bilan 77-o‘rinda qayd etilgan edi.

Xususan, 2023 yilgi SDG index hisobotiga ko‘ra, O‘zbekistonda Barqaror rivojlanishning 10 ta maqsadlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish qayd etilgan. Jumladan, mamlakatda kambag‘allikni qisqartirish, sog‘liq saqlash va farovonlikni ta’minlash, sifatli ta’lim bilan ta’minlash, gender tengligiga erishish, toza suv va sanitariya, sanoatlashtirish, innovatsiya va infratuzilma, shahar va aholi punktlarini barqaror rivojlantirish, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, tinchlik, adolat va samarali boshqaruv, barqaror taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik kabi maqsadlar bo‘yicha ijobiy natija qayd etilgan.

M.Komilova, O‘zA