Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksiga bojxona tartib-taomillarini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Mazkur masala yuzasidan qo‘mita raisi Nodir Jumayev ma’ruza qilib, tadbirkorlik faoliyatini rag‘batlantirish maqsadida amalga oshirilgan choralar natijasida respublikamizda ishbilarmonlik muhiti yaxshilangani, tadbirkorlik sub’ektlari va xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratilganini qayd etdi:

— Sohadagi ishlar bilan birga, qonunchilikni xalqaro normalarga, shu jumladan Bojxona tartibotlarini soddalashtirish va uyg‘unlashtirish to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya (Kioto, 1973 yil 18 may, 1999 yil 26 iyundagi o‘zgartirishlar bilan), Jahon savdo tashkilotining Bojxona tartibotlarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimi va Jahon bojxona tashkiloti qoidalariga muvofiqlashtirish orqali tashqi savdoni yanada liberallashtirish zarurati mavjud. Jahon savdo tashkilotining asosiy vazifasi — erkin va shaffof savdo munosabatlarini tartibga solish va uni kengaytirish orqali davlatning taraqqiyotini ta’minlash va insonlar turmushini yaxshilashga qaratilgan. Mazkur qonun loyihasi bilan intellektual mulk, reklama va davlat boji bilan bog‘liq bo‘lgan qonunchilikni Jahon savdo tashkilotining tegishli bitimlariga muvofiqlashtirish nazarda tutilmoqda. Tovarlarni eksport, reimport va reeskport bojxona rejimlariga joylashtirish tartib-taomillari soddalashtiriladi.

Qonun loyihasida tovarlarning bojxona qiymatini belgilashning asosiy usuli sifatida shartnoma bahosi qat’iy belgilanmoqda. Bir vaqtning o‘zida bir nechta bojxona tartibotlarni amalga oshirish uchun bojxona to‘lovlari to‘lanishini belgilovchi Bosh ta’minlov hujjatini qo‘llash amaliyoti kiritilmoqda. Shuningdek, kontrafakt mahsulotlar kirib kelishining oldini olish maqsadida bojxona organlariga qo‘shimcha huquqlar berilmoqda. Tovarlar bo‘yicha ekspertiza yakunlanmagan bo‘lsa ham, ushbu tovarlarni importga shartli chiqarib yuborish amaliyoti joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan tadbirkorga tovarlarni O‘zbekistonga olib kelgunga qadar ular bo‘yicha bojxona to‘lovlari va ishlab chiqarilgan mamlakatini aniqlash yuzasidan oldindan ma’lumot olishning huquqiy asosi mustahkamlanmoqda. Mazkur yangi tartibning joriy etilishi tadbirkorlarga o‘z bizneslarini oldindan rejalashtirishga yanada keng imkoniyat yaratib beradi, — dedi deputat.

Qonun loyihasini moddama-modda muhokama qilish davomida deputatlar tomonidan bir qator masalalar, savollar o‘rtaga tashlandi. Loyihadagi normalar davlat idoralari manfaatlari emas, balki ishlab chiqaruvchilar, bojxona munosabatlari ishtirokchilari manfaatlari uchun xizmat qilishi lozimligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, uning mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish va tushuntirish kerakligi aytildi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova,  

O‘zA