“Deutsche Welle” Germaniyada chiqindilarni kamaytirish bo‘yicha Federal statistika boshqarmasining yangi ma’lumotlari asosida maqola e’lon qildi. Unga ko‘ra Germaniyada maishiy chiqindilar rekord darajada kamaygan. Masalan, 2022 yilda Germaniyada maishiy chiqindilar hajmi 8,2 foizga kamayib, 37 million tonnani tashkil qilgan.
Tadqiqotchilar chiqindilarni kamayishi bo‘yicha bu yilgi ko‘rsatkichni “hayratlanarli” deb atashmoqda. Germaniyada 1990 yillardan boshlab chiqindilarni saralashga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Har bir uyda qog‘oz, qadoqlar va boshqa chiqindilar uchun alohida idishlar mavjud. O‘z navbatida, ushbu tartib chiqindilar turlarini tasniflash va hisobga olishni osonlashtiradi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari har yili taxminan 2,2 milliard tonna chiqindi hosil qiladi. Germaniya esa chiqindilarni saralab, qayta ishlab, hozirda eng kam chiqindi hosil qiladigan mamlakat sirasiga kiradi. Tadqiqotlar yana shunisi bilan qiziqki, chiqindi tashlashda odamlarning yoshi ham inobatga olingan. Aholi qancha yosh bo‘lsa, shuncha ko‘p oziq-ovqat chiqindi qutisiga tushar ekan.