Mamlakatimiz hududlarida kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun biznes-inkubatorlarni tashkil etish, ularning faoliyatini xorijiy eksportlarni jalb qilish orqali qo‘llab-quvvatlash borasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda.

Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligida JICA tashkilotining koordinatori Shoichi Ivata va dastur koordinatori Odil Hasanov volontyorlik loyihasi bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.

Uchrashuvda hududlarda kichik biznes sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash uchun biznes-inkubatorlarni tashkil etish, ularning faoliyatini xorijiy eksportlarni jalb etish orqali qo‘llab-quvvatlash hamda yaponiyalik volontyorlarni jalb qilish borasida hamkorlik loyihalari muhokama qilindi.

Shuningdek, muzokara davomida hududlarning ixtisoslashuvidan kelib chiqib, jalb etiladigan ekspertlarga qo‘yiladigan talablar hamda loyihadan kutilayotgan natijalar borasida fikr almashildi.

Tashkil etilayotgan biznes-inkubatorlarga yaponiyalik volontyorlarni qisqa va uzoq muddatga jalb etish bo‘yicha JICA tashkilotining mutaxassislari bilan kelishib olindi, deyiladi Mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi ma’lumotida.

Marhabo Madaminova, O‘zA