O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligida “Xavfli kimyoviy moddalarni ishonchli boshqarish” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha grant shartnomasi imzolandi.

Uch tomonlama hujjatni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri o‘rinbosari Jusipbek Kazbekov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Sharlotta Adrian va BMT Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining (FAO) mamlakatimizdagi vakili o‘rinbosari Sherzod Umarov imzoladi.

Loyihaning asosiy maqsadi Ekologiya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, fermerlar va boshqa manfaatdor shaxslarning ushbu sohadagi ko‘nikmalarini rivojlantirishdir. Albatta, loyihaning amalga oshirilishi BMTning 4 ta konvensiyasidagi majburiyatlar bajarilishidir.

– Ushbu loyiha yashil iqtisodiyotga o‘tishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yirik dasturning bir qismi bo‘lib, dasturga 10 million yevrodan ziyod mablag‘ ajratilgan, – dedi Sharlotta Adrian. – Loyiha qiymati deyarli 4 million yevroga teng. Maqsad Ekologiya vazirligining bu boradagi imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilar sohasida muvofiqlashtirishni yaxshilashdan iborat.

YeI vakili qayd etishicha, O‘zbekistonda bu boradagi ishlarni yaxshilashga ehtiyoj va xohish bor. Bu potensial BMTning bir qancha konvensiyalari bilan bog‘liq. Bu bilan mamlakat yashil taraqqiyotga o‘tish sari olg‘a intilish istagini namoyon etgan.

Loyiha Ekologiya vazirligi tomonidan FAO bilan birgalikda 2023–2027 yillar oralig‘ida Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi. U tugallangandan so‘ng, xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish sohasida mamlakatning institutsional salohiyati oshishi kutilmoqda, bu esa xavfli chiqindilar bo‘yicha yanada yaxshi ma’lumotlar bazasini shakllantirish imkonini beradi. Marosimda, shuningdek, Chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Milliy strategiyani ishlab chiqish va tegishli standartlarga ega xavfli chiqindilarni qayta ishlash korxonalarini bosqichma-bosqich yaratishga o‘tish uchun zamin yaratilishi ta’kidlandi.

– Bu mavzu O‘zbekiston uchun juda dolzarb, chunki qishloq xo‘jaligi mamlakat yalpi ichki mahsulotining 27 foizini tashkil qiladi, — deydi Sherzod Umarov. – Yaxshi hosil olish maqsadida O‘zbekistonda kimyoviy moddalar, pestitsidlardan o‘rtacha foydalanish va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish bo‘yicha faol ish olib borilmoqda.

Tadbirda muassasalar va aholining xavfli kimyoviy moddalardan foydalanish bilan bog‘liq xavf-xatarlar haqida xabardorligini oshirishga katta e’tibor qaratilishi ham ma’lum qilindi.

– Loyiha doirasida qishloq xo‘jaligida zararli moddalardan foydalanishni kamaytirish va tuproq resurslariga kamroq zarar yetkazuvchi moddalarga o‘tish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar amalga oshiriladi, – dedi Ekologiya vazirligi vakili Anvar Tursunaliyev. – Shu bilan birga, xavfli kimyoviy chiqindilarni boshqarish bo‘yicha Milliy strategiya ishlab chiqiladi.

Qo‘shma loyihani amalga oshirish natijasida zararli kimyoviy moddalar va ular bilan bog‘liq chiqindilarni boshqarish mexanizmlari va vositalari samaradorligini oshirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligida xavfli pestitsidlardan foydalanishni qisqartirish, shu jumladan, qishloq xo‘jaligida muqobil usullarni joriy etish va targ‘ib qilish rejalashtirilgan.

B.Xudoyberdiyev, O‘zA