Millat va til misli tan va jon sifatida buyuk allomalar tomonidan e’tirof etiladi. Dehqonchilik madaniyati rivojlanishi bilan sohaviy atamalar ko‘lami kengayib, tilimiz boyigan, ilmimiz taraqqiy etgan.

Sir emas, bugun qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirilayotgan jadal islohotlar, ilm-fan yutuqlari, ilg‘or xorijiy tajriba va texnologiyalarning joriy qilinishi, jahon miqyosida globallashuv tobora kengayib va chuqurlashib borayotgani muomalada bo‘lgan so‘zlar, atamalar bilan bir qatorda ko‘plab xalqaro va xorijiy terminlar qo‘llanilishi jarayonlarini tezlashtirdi. Agrar tarmoqqa yangi terminlarning shiddat bilan kirib kelishi, muomalada ularning turli xil ma’noda, bilib-bilmay talqin qilinishiga, amaliy faoliyatda muayyan tushunmovchiliklarga sabab bo‘lmoqda.

Demak, sohaviy atamalarning yaxlit izohli lug‘atini yaratishga zarurat bor. Shu bois, Qishloq xo‘jaligi vazirligi mutasaddilari agrar soha tarmoqlari va uning qadimdan rivojlanib kelgan turli kasb-hunarlariga oid hamda taraqqiyotning zamonaviy bosqichida paydo bo‘lgan ilmiy texnikaviy terminlar, so‘nggi davrda muomalaga kirib kelayotgan xalqaro va xorijiy atamalarni jamlash, ularning o‘zbek tilidagi lug‘aviy va ma’naviy izohlarini adabiy me’yorlarga mos ravishda tayyorlashga kirishdi.

– Umuman, vazirlik tizimida davlat tilida ish yuritish borasidagi faoliyatni takomillashtirish bo‘yicha izchil tadbirlar amalga oshirilmoqda, – deydi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – Ushbu holatni hisobga olib “Qishloq xo‘jaligi atamalari izohli lug‘ati”ni yaratish maqsadida vazirlik tizimidagi olim va mutaxassislardan iborat tahrir hay’ati, qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha uning sho‘’balari ish olib bordi. Ushbu lug‘atning ilk marotaba yaxlit holda nashrga tayyorlanishi muhim ahamiyatga ega voqea bo‘ldi. Zero, qadimiy dehqonchilik madaniyatiga ega bo‘lgan xalqimizning tadrijiy rivojlanishi shu soha bilan bevosita bog‘liqligi ko‘hna tarix sahifalarida muhrlangan.

Ta’kidlash kerakki, uni tayyorlashda O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi, O‘zbek tilining izohli lug‘ati, Yosh dehqon ensiklopediyasi hamda qishloq xo‘jaligi tarmoqlari bo‘yicha mavjud lug‘atlardan, shuningdek, xorijiy nashrlar va manbalardan foydalanildi. Manbalarni to‘plash, tahlil qilish va lug‘atni shakllantirishda vazirlik tizimidagi olim va mutaxassislar, ayniqsa, Toshkent davlat agrar universitetining bir qator jonkuyar va fidoyi professor-o‘qituvchilari hamda “O‘zbekiston” nashriyot matbaa-ijod uyi jamoasi jonbozlik ko‘rsatdi.

– Ushbu lug‘atda qadimdan qo‘llanilib kelgan sohaga oid ko‘plab so‘zlar va atamalar asl mazmuni bilan tanishasiz, hozirgi paytda kundalik faoliyatimizda foydalanib kelinayotgan so‘zlar hamda so‘nggi yillarda kirib kelgan yangi terminlar ma’nosini bilib olasiz, – deydi vazirlik axborot tahlil multimedia bo‘limi bosh muharriri Otamurod Abdullayev. – Qishloq xo‘jaligi sohasiga oid bu lug‘at iqtisodiyotning mazkur tarmog‘ida faoliyat yuritayotgan olim va mutaxassislar, professor-o‘qituvchi va talabalar, fermerlar va agrotadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan barcha yurtdoshlarimiz uchun muhim manba bo‘lib xizmat qiladi, degan umiddamiz.

“Qishloq xo‘jaligi atamalari izohli lug‘ati”ning mazkur to‘plami bu boradagi dastlabki qadam bo‘lib, unda ayrim juz’iy kamchiliklar uchrashi tabiiy. Kelgusi nashrlarda ularni tahrir etib, to‘plamni yanada takomillashtirib borish rejalashtirilgan.

M.Qosimova, O‘zA