O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “140 ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturini amalga oshirish va “sanoat ipotekasi” tizimini joriy qilishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasining sanoat sohalarida “140 ta ilg‘or sanoat korxonasi” dasturi amalga oshiriladi.

Ushbu dasturga kiritilgan tadbirkorlik sub’ektlari loyihalarini moliyalashtirish uchun xorijiy valyutada yillik 4 foiz, milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha kredit mablag‘lari ajratiladi.

Qaror bilan Dastur doirasida tadbirkorlik sub’ektlariga ochiq tanlov asosida taklif qilinadigan yirik sanoat loyihalarining taqsimoti, shuningdek, yirik sanoat loyihalarini amalga oshiruvchi tashabbuskor tadbirkorlarni ochiq tanlov asosida tanlab olish va moliyalashtirish tasdiqlandi.

Quyidagilar yirik sanoat loyihalarini ochiq tanlov asosida tanlashning asosiy mezonlari etib belgilandi: 

loyiha doirasida kamida 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi;

ishlab chiqariladigan mahsulotning ichki bozordagi import ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lishi;

ishlab chiqarish texnologik asbob-uskunalarining yangi (yangi avlodga mansub) bo‘lishi;

loyiha amalga oshiriladigan tumanning toifasidan kelib chiqib, loyihaga afzallik berilishi (toifasi past tumanlarga yuqori afzallik berilishi);

xalqaro brendlar bilan hamkorlik shartnomasiga asosan ishlab chiqarish loyihalariga afzallik berilishi.

Dastur doirasida: 

tanlov g‘oliblari platformaga kelib tushgan takliflardan eng yaxshilarini ochiq tanlov asosida tanlash orqali investitsiyalarni jalb qilish, sanoatni rivojlantirish va savdoni tartibga solish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi tomonidan aniqlanadi;

ochiq tanlov ishtirokchilari va g‘oliblarini tanlashga asos bo‘lgan asosiy mezonlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar har chorak yakunida platformada e’lon qilib boriladi;

tanlov g‘olibi bo‘lgan tashabbuskor tadbirkorlarga Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan loyihalarning biznes rejasi va texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda uslubiy jihatdan yordam beriladi;

tanlov g‘oliblariga Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan xorijiy valyutada yillik 4 foiz va milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada 10 yil muddatgacha, shundan 3 yilgacha imtiyozli davr bilan bir loyiha qiymatining 25 foizi miqdorida, biroq 10 million AQSH dollaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish bo‘yicha loyihalarni tezkorlik bilan ishga tushirishni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2024 yil 1 yanvardan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga yer uchastkalari (ishlab chiqarish maydonlari) qurilish uchun tegishli ruxsatnomalar va loyiha hujjatlari rasmiylashtirilgan holda, “tayyor biznes” shaklida auksion savdolariga chiqariladi.

Ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida bino va inshootlar xarid qilish uchun Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan 7 yil muddatga, 2 yilgacha imtiyozli davr bilan milliy valyutada yillik 10 foiz stavkada kreditlar ajratiladi.

O‘zA