Joriy yilning 25-26 dekabr kunlari Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman), BMT Taraqqiyot Dasturining O‘zbekistondagi vakolatxonasi hamda Finlyandiya Tashqi ishlar vazirligi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm doirasida penitensiar muassasalariga monitoring tashriflarini rejalashtirish va o‘tkazish metodologiyasi” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Seminarda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) xodimlari, Ombudsmanning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari a’zolari ishtirok etishdi.

Tadbirda qayd etilishicha, O‘zbekiston qiynoqlarning oldini olish hamda uning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashish bo‘yicha o‘zining qat’iy pozitsiyasiga ega. 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi doirasida 2019 yilda Ombudsman huzurida qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarining oldini olish bo‘yicha milliy preventiv mexanizm yo‘lga qo‘yildi. “Ombudsman plyus” modeli asosida tuzilgan MPM doirasida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili boshchiligida uning hududlardagi mintaqaviy vakillari hamda Ombudsman huzuridagi jamoatchilik guruhlari a’zolari va OAV ishtirokida muntazam ravishda penitensiar muassasalarga monitoring tashriflari o‘tkazib kelinmoqda. Monitoringlarda muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning yashash sharoitlari, oziq-ovqat bilan ta’minlanishi, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati, mehnat sharoitlari va ularga bo‘lgan munosabat o‘rganiladi.

Seminarni Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova kirish so‘zi bilan ochdi.

– O‘zbekiston xalqi, inson va uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlat, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish mas’uliyatini olgan, – dedi F.Eshmatova. Yangi tahrirda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi muqaddimasiga muhrlangan ushbu satrlar mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar asosini tashkil etadi. Qolaversa, umumxalq referendumi asosida qabul qilingan Bosh qomusimizda inson qadri, manfaati uchun xizmat qiladigan normalar avvalgisidan uch baravarga ko‘paygan.

Xususan, agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emasligi oliy yuridik maqomga ega bo‘lgan hujjatda qat’iy belgilandi. Bu esa qiynoq holatlarini keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga qaratilgan muhim qadam.

Ushbu seminarga BMT tizimida aynan qiynoq holatlarini aniqlash va bartaraf etish yo‘nalishida ko‘p yillik tajribaga ega xalqaro ekspert Viktor Zaxariya ham jalb qilindi. Ikki kunlik seminar davomida ishtirokchilar ma’lumot to‘plash, sharoitlarni standartlarga muvofiqligini baholash, mahkumlar (mahbuslar) va xodimlar bilan suhbatlar o‘tkazish va shikoyatlarni ko‘rib chiqish va o‘rganish hamda boshqa mavzularda bilim va ko‘nikmalarini mustahkamladilar.

– Prezidentimizning 2021 yil 26 iyundagi “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida nafaqat ushbu illatni barvaqt aniqlash, bartaraf etish, balki qiynokqdan jabr ko‘rgan insonlarga har tomonlama yordam berish va ularga yetkazilgan zararni kompensatsiya qilishga ham qaratildi, – deydi Oliy Majlis Senati a’zosi, mintaqaviy vakil Abira Huseynova. – Shuningdek, qaror bilan Ombudsman huzuridagi MPM ham takomillashtirilib, ekspert guruhi negizida Ombudsman huzuridagi Qiynoq holatlarini aniqlash va ularning oldini olish bo‘yicha jamoatchilik guruhlari tashkil qilindi.

Seminar davomida ishtirokchilar BMT Qiynoqlarga qarshi qo‘mitasining yakuniy kuzatuvlarini tahlil qildilar, qonunchilik bazasini takomillashtirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilab oldilar, ozodlikdan mahrum qilish joylarining tizimli monitoringini amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni muhokama qilib, inson huquqlari ko‘rsatkichlarining konseptual va uslubiy asoslarini o‘rgandilar.

Muharrama Pirmatova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA