Yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholi bandligini ta’minlash bugungi kunning eng dolzarb masalalaridan biridir. Soliq kodeksining tegishli moddalari tadbirkorlik sub’ektlariga ular tomonidan yaratilgan ish o‘rinlari soniga qarab to‘lanadigan soliqlarni pasaytirilgan stavkalarda hamda bo‘lib-bo‘lib to‘lashga imkoniyat berishni ko‘zda tutuvchi normalar bilan to‘ldirilmoqda.

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan “Kambag‘allikni qisqartirishda tadbirkorlik sub’ektlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik o‘rnatishga qaratilgan chora‑tadbirlar belgilanganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqildi.

Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi raisi Sh.Nazarovning ta’kidlashicha, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksi normalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishiga va aholi bandligining o‘sishiga, kambag‘allikni qisqartirishga hamda kam ta’minlangan oilalar a’zolarini ishga qabul qilishda tadbirkorlik sub’ektlarini rag‘batlantirish uchun qulay sharoit-sharoitlar yaratishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar qonun loyihasining dolzarbligini e’tirof etgan holda uni qabul qildilar.

Muhtarama Komilova, O‘zA