Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 12-1-moddasiga qo‘shimcha va o‘zgartirish kiritish haqida”gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

— Bugungi kunda yurtimizda internet tezligi salmoqli darajada oshdi, undan foydalanish narxi pasaydi, — dedi deputat U.Jabborov. — Natijada yurtimizda undan foydalanuvchilar soni keskin ko‘paydi. Buning natijasida Internet jahon axborot tarmog‘i orqali o‘zgalarga tegishli bo‘lgan intellektual mulk ob’ektlaridan, shu jumladan tovar belgisi, xizmat ko‘rsatish belgilaridan qonunga xilof ravishda foydalanish odatiy tusga aylanib bormoqda. O‘zbekistonda intellektual mulkni rivojlantirish va uni huquqiy himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, huquqni qo‘llash amaliyotida intellektual mulk egalarining huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish bilan bog‘liq masalalarda yuqoridagi kabi muammolar mavjud.

Shundan kelib chiqib, qonun loyihasi bilan “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunning 12-1-moddasiga axborot resursi egasining intellektual, shu jumladan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar sohasidagi shaxsiy javobgarligini oshirishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilmoqda. Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida ishchi guruh a’zolari, ekspertlar, huquqshunoslar ishtirokida bir qator tadbirlar, davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda deputatlar tomonidan berilgan takliflar chuqur tahlil qilinib, asosli deb topilganlari qonun loyihasi matnida singdirildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi intellektual mulk sohasini yanada takomillashtirish, shu jumladan, tadbirkorlik va innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan zurur shart-sharoitlarni yaratish, intellektual mulkning ishonchli huquqiy himoyasini ta’minlash va albatta, investitsiyaviy jozibadorlikni yuksaltirish orqali mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini yanada yaxshilashga xizmat qiladi, — dedi ma’ruzachi.

Majlisda qonun loyihasining ahamiyati e’tirof etilib, ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.

Muhtarama Komilova, O‘zA