Mamlakatimiz umumiy iste’molidagi elektr energiyasining 85 foizini ishlab chiqaruvchi “Issiqlik elektr stansiyalari” korxonalarida yurtimizga kirib kelayotgan sovuq havo oqimi sharoitida ishlar tizimli reja asosida tashkil etiladi.

– Yurtimiz bo‘ylab kutilayotgan sovuq ob-havo kunlarida 24 soat mobaynida faoliyat yuritayotgan maxsus shtab yordamida qish mavsumini betalafot o‘tkazish maqsadida ishlar ikki karra oshirilgan holda tashkil etilmoqda, – deydi “Taxiatosh issiqlik elektr stansiyasi” aksiyadorlik jamiyati texnik ishlab chiqarish bo‘limi boshlig‘i Yunus Bajanov. – Shtab a’zolari tomonidan energobloklarning barqaror va uskunalarning bir me’yorda ishlashini ta’minlash maqsadida keng ko‘lamli ishlar bajarilmoqda. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan ishlab chiqarish barqarorligiga erishish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan texnik holatlarning oldini olish, energouskunalarning benuqson ishlashini ta’minlash maqsadida energoqurilmalarda uzluksiz texnik ko‘riklar o‘tkazilmoqda.

Korxonada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari doirasida asosiy va yordamchi uskunalarning barqaror ishlashi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan bo‘lib, ishlar belgilangan jadval asosida olib borildi. Buning natijasida aholi hamda sanoat korxonalari uzluksiz va ishonchli elektr energiyasi bilan ta’minlanmoqda. Shuningdek, ob-havo keskin pasayadigan kunlarda stansiya bosh boshqarish itida elektr energiyasiga bo‘lgan talab hamda taklifdan kelib chiqib, har soatlik rejimni shakllantirish, texnik-iqtisodiy jihatdan eng maqbul rejimlarda ishlashini ta’minlash, avariya rejimlari yuzaga kelishining oldini olish, ularni bartaraf etish va tizimning qayta ishonchliligini tiklashga qaratilgan chora-tadbirlar ketma-ketligi belgilab olingan. Hozirgi paytda korxonada ishlab chiqariladigan elektr energiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Navoiy viloyatlariga yetkazib berilmoqda.

Elektr stansiyaning joriy yil yanvar-oktyabr oylari uchun elektr energiyasi ishlab chiqarish rejasi 3,5 milliard kVt. soat bo‘lib, amalda 3,85 milliard kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 110 foizga bajarildi. Hozirda korxona kuniga o‘rtacha 14 milliard kVt. soat elektr energiyasini ishlab chiqarmoqda. Aksiyadorlik jamiyat ob’ektlariga shu kunga qadar jami quvvati 1056 kVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. Ushbu fotoelektr stansiyalari orqali 505,4 ming kVt. soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va 54,1 ming m3 tabiiy gaz iqtisod qilindi. Shuningdek, 250 dona quvvati 90 Vt, 130 dona quvvati 150 Vt bo‘lgan jami 380 dona avtonom quyosh yoritgichlari stansiyaning tashqi yoritish tizimiga o‘rnatildi. Jami quyosh fotoelektr stansiyalari, chastota o‘zgartiruvchi qurilmalar, harakat datchiklari va avtonom quyosh yoritgichlarini o‘rnatish hisobiga 1460448,56 kVt soat elektr energiyasi tejab qolindi va o‘z navbatida 154859,7 m3 tabiiy gaz iqtisod qilinishiga erishildi.

Korxonada ishlab chiqarish barqarorligini ta’minlash bilan bir qatorda xavfsizlik masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, “Yong‘in xavfsizligi oyligi” doirasida yong‘inlarning oldini olish, yong‘in kelib chiqishi sabablariga qarshi o‘z vaqtida tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Oylik doirasida 28-yong‘in-qutqaruv qismi mas’ul xodimlari bilan birgalikda amaliy mashg‘ulot tashkil qilindi.

Tadbirda favqulodda vaziyatlarda harakatlanish, o‘t o‘chirish uskunalaridan to‘g‘ri foydalanish bo‘yicha tushuntirish berildi. Amaliy o‘quv-taktik mashg‘ulotlari tashkil qilinishidan ko‘zlangan maqsad kuz-qish mavsumida yong‘inlarning oldini olish va yong‘in xavfsizligi darajasini oshirishga qaratilgan tadbirlarni kuchaytirish, xodimlar tomonidan yong‘in xavfsizligi qoidalariga rioya etilishini nazoratga olishdan iborat.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA