Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli tumanida uy-joyga muhtoj ikki nafar yoshga “Mehr daftari” jamg‘armasi mablag‘i hisobidan turar joy maishiy buyumlar bilan birga topshirildi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, tuman hokimligi mutasaddilari ishtirok etib, mamlakatimizda yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarning huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ularni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 9 avgustdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida o‘zlariga biriktirilgan turar joyga ega bo‘lmagan va turar joyga muhtojlar sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga xonadonlar ajratish belgilangan. Yoshlarga yangi uy-joyning topshirilishi “Inson qadri uchun” tamoyilining amaliy ifodasi ekanligi ta’kidlanib, Yangi yil arafasida ularga ajoyib bayram tuhfasi bo‘ldi.

Tadbirda yoshlarga yangi turar joyning kalitlari topshirilib, ishtirokchilar yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.