FOTOREPORTAJ
Nukuslik Salomat Allambergenov mahoratli yosh kulollardan.
Bolalikdan rassomchilikka qiziqqan Salomat O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi tasarrufidagi ixtisoslashtirilgan san’at litsey-internatida tasviriy va amaliy san’at sirlarini o‘rgangan. Keyinchalik, kulolchilikka mehri tushib, loydan turli buyumlar yasash bilan shug‘ullanadi. Hozirda u Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti San’atshunoslik fakultetining amaliy san’at-badiiy kulolchilik bo‘limida tahsil olmoqda. Shu bilan birga, “Hunarmand” uyushmasi a’zosi hamdir.
S. Allambergenov yosh bo‘lishiga qaramay, kulolchilikni rivojlantirish, uni keng jamoatchilik va yoshlar o‘rtasida targ‘ib qilish, an’analarni davom ettirishga o‘z hissasini qo‘shmoqda.
Yosh kulol Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda mamlakat miqyosida o‘tkazilayotgan qator nufuzli festival va tadbirlarda o‘z hunarmandchilik namunalari bilan qatnashib kelmoqda. Xususan, joriy yilning may oyida Farg‘ona viloyati Rishton tumanida o‘tkazilgan “An’anaviy turkiy xalqlar hunarmandchiligi” forumida hamda shu yili sentyabr oyida Qo‘qon shahrida bo‘lib o‘tgan “II-Xalqaro hunarmandchilik festivali”da muvaffaqiyatli qatnashdi. Shuningdek, kuni kecha Qoraqalpog‘iston tarixi va madaniyati davlat muzeyida o‘tkazilgan “Loydan yaratilgan marjonlar” nomli ko‘rgazmasi ko‘pchilikda katta taassurot qoldirdi.
Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA