O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan davlat mulki ob’ektlarini elektron tanlov asosida eng yaxshi taklif bildirgan talabgorga investitsiya kiritish majburiyatlari bilan sotish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Nizomda ommaviy savdolarga chiqarilgan davlat mulki ob’ektlari uch oy muddatda sotilmagan taqdirda, ularni “E-auksion” elektron savdo platformasida tanlov asosida eng yaxshi taklifni bildirgan talabgorga investitsiya kiritish majburiyatlari bilan sotish tartibi;

tanlovda sotiladigan davlat mulki ob’ektlari bo‘yicha investitsiya majburiyatlari miqdorini aniqlash tartibi;

tanlov natijalarini rasmiylashtirish va davlat mulki ob’ektini sotish bo‘yicha oldi-sotdi shartnomasini tuzish tartibi belgilab berilgan.

Qarorga ko‘ra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida ommaviy savdolarda uch oy davomida sotilmagan davlat mulki ob’ektlari bo‘yicha investitsiya kiritish majburiyatlarini belgilagan holda, “E-auksion” elektron savdo platformasida tanlovga chiqaradi.

Davlat mulki ob’ektlari savdoga chiqarilgan kundan boshlab ikki oy davomida sotilmagan taqdirda, hududiy tanlov komissiyasi tomonidan ularga investitsiya kiritish majburiyatlari belgilanadi.

Ommaviy savdolarda uch oy muddatda sotilmagan davlat mulki ob’ektlarining tanlov shartlari belgilanguniga qadar ularning savdolari davom ettiriladi.

 

O‘zA