Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida kurash bo‘yicha o‘tkazilgan XIV jahon chempionati mamlakatimiz mustaqilligi tufayli xalqaro sport turi darajasiga ko‘tarilgan ota-bobolarimizdan meros xalq o‘yinining sport turi sifatidagi o‘ziga xos tantanasi sifatida e’tirof etildi.

XIV jahon chempionatining qardosh va jondosh turkman zaminida o‘tkazilishida o‘ziga xos ramziy ma’no bor.

Chempionat ishtirokchilariga Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning tabrik yo‘llashi, musobaqalarning tantanali ochilish marosimining davlat ahamiyatiga molik tadbirdek ko‘tarinki ruhda, bayramona o‘tkazilishida, ishtirokchilarni qo‘llab-quvvatlash, xorijiy delegatsiyalarga yaratilgan shart-sharoitlar, kurashning rivojiga bo‘lgan e’tiborda xalqlarimiz do‘stligi, qadriyatlarimiz hamnafasligi, tarixiy ildizlarimiz mushtarakligi ufurib turdi.

Shiddatli bellashuvlar natijasida O‘zbekiston terma jamoasi jahon chempionatini 7 ta oltin, 1 ta kumush, 1 ta bronza medali bilan yakunlab, umum jamoada 1-o‘rinni egalladi.

Chempionatning so‘nggi kunida terma jamoamiz a’zolaridan 66 kg vazn toifasida bellashgan sportchimiz Chori Zoyirov qiyin kechgan final bellashuvida Eron terma jamoasi a’zosi Majid Vahid Barimanlouni, 87 kilogrammlik vazn toifasida kurashgan sportchi qizimiz Pokizaxon Kamoliddinova turkmanistonlik Jahan Muhammedovani yengib, g‘oliblikni tantana qilishdi.

Shuningdek, xabar berganimizdek kechagi bellashuvlarda hamyurtlarimizdan Ulbusin Hakimova, Hilola Ortiqova, Jamshid Mamatrahimov, Erkin Qozoqov, Muhsin Hisomiddinov kurash bo‘yicha jahon chempionligiga erishdi.

Mamlakatimiz kurashchilaridan Filura Ergasheva kumush, Umid Esonov bronza medallariga musharraf bo‘lishdi.

Aytish lozim, har qanday sport turida jahon birinchiligida g‘oliblikka erishish, sovrindor bo‘lish yo‘li o‘ta mashaqqatli va zahmatli mehnatni, beqiyos iqtidorni talab etadi. Kurash sport turida ham shunday.

Ammo kurashning sport turiga aylanish jarayoni, bayrog‘imiz ranglaridan jilo olish tizimining yaratilishi, sport terminologiyasining ishlab chiqilishi va shu asosda sport musobaqalari o‘tkazilishining yo‘lga qo‘yilishi ne chog‘li mashaqqatli bo‘lganligini tarix hali unutgani yo‘q.

Bugun o‘tkazilayotgan kurash musobaqalari, chempionatlar qalbimizga qanchalik surur bag‘ishlayotganligini chuqurroq his etish asnosida uning xalqaro rivoji, dunyo bo‘ylab yanada keng ommalashishi borasidagi sa’yi-harakatlar yetarlimi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kurashning xalqaro nufuzini yanada oshirish bo‘yicha imzolagan qarorlar ijrosi to‘la-tukis ta’minlanyaptimi, davlatimiz rahbarining ko‘rsatmalari bajarilmoqdami, degan masalalar ko‘ngildan kechishi shubhasiz.

Qolaversa, mamlakatimiz tashabbusi va moliyaviy qo‘llovi bilan faoliyat ko‘rsatayotgan Xalqaro kurash assotsiatsiyasining Xalqaro olimpiya qo‘mitasi va boshqa yirik sport tashkilotlari, birlashmalari bilan kurashni Olimpiya o‘yinlari tizimiga kiritish, Osiyo o‘yinlaridagi mavqiyeini mustahkamlash, uning moddiy texnik bazasini chet mamlakatlarda ham yaratish borasidagi manfaatli hamkorlik ishlari qay yo‘sinda olib borilayotganligi keng jamoatchilikni qiziqtirishi tabiiy.

Shu jihatdan, milliy kurashimizni jahon miqyosiga olib chiqish borasida hali qilinishi zarur bo‘lgan bir talay vazifalar, bir-biridan dolzarb yumushlar borligini ta’kidlamoq kerakki, bular Yangi O‘zbekistonning yangicha qiyofada jahon hamjamiyatidagi mavqiyeini mustahkamlashda katta ax,amitga ega.

Asrlar davomida mardlik, bag‘rikenglik, olijanoblik va halollik timsoli sifatida e’zozlanib kelingan o‘zbek kurashi xalqimizning tarixiy merosi sifatida Yangi O‘zbekistonda butunlay yangi davrga qadam qo‘ymoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Kurash milliy sport turini rivojlantirish va uning xalqaro nufuzini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarorda keltirib o‘tilganidek, kurashning insonparvar xususiyatlarini butun dunyoga faol targ‘ib qilish, sport musobaqalariga aholining barcha qatlamlarini keng jalb etish orqali kurashni  jahon xalqlarining sevimli sport turiga aylantirish, Xalqaro olimpiya o‘yinlariga kirishiga yetarli shart-sharoitlar yaratishg.a erishish, dunyoda o‘zbek kurashli brendi nufuzini oshirish bugungi kunning muhim vazifalaridan biri hisoblanadi.

G‘urur bilan ta’kidlamoq joiz, Turkmaniston sport maydonlarida o‘tkazilgan kurash bo‘yicha navbatdagi jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining g‘oliblikka erishishi bir taraf bo‘lgan bo‘lsa, boshqa tarafdan  azaliy qadriyatlarimizning nodir durdonasi kurashning tom ma’noda zamonaviy sport turiga aylanganligini namoyish etish  yanada ahamiyatli bo‘ldi.

Musobaqalar jahonning bir qator davlatlarida x,am namoyish etilganligi, ming-minglab sportsevarlar kurash gilamida “to‘xta”, “yonbosh”, “halol” kabi qalb, shuurimizga singib ketgan so‘zlar boshqaruvida shiddatli bellashuvlarga guvoh bo‘lganligi asriy orzularimizning tantanasi sifatida yodda qoldi.

Turkmanistonda o‘tgan jahon chempionatida zafar quchgan mahoratli kurashchilarimiz bugun, kechki payt yurtimizga qaytib kelishadi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA