Uchuvchisiz uchadigan apparatlar O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi cheklangan tovarlar qatoriga kiradi. Ularni respublika hududiga qonunga xilof ravishda olib kirish, shuningdek, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, bunda uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan. Endilikda bu boradagi javobgarlik liberallashtirilmoqda.

Ushbu tartib Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida ko‘rib chiqilgan “Ayrim toifadagi jinoiy qilmishlar uchun javobgarlik liberallashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasida o‘z aksini topgan. Mazkur loyiha birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

– Mamlakatimizda turizm sohasida olib borilayotgan tub islohotlar turistik infratuzilmaning rivojlanishi va yaxshilanishiga, turistlar uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga, ko‘rsatilayotgan xizmatlarning sifati oshishiga ko‘mak bermoqda. Shu bilan birga, barqaror turizm rivojini tobora jadallashtirish mamlakatning turistik jozibadorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan omillar bartaraf etilishini talab qiladi, –  dedi Bojxona qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ilhom Muxtorov. –  Uchuvchisiz uchadigan apparatlar mamlakatimiz hududiga olib kirilishi cheklangan tovarlar sirasiga kiradi. Ko‘p hollarda yurtimizga tashrif buyuradigan sayyohlar o‘zlari bilan bu kabi apparatlarni olib keladi. 200ga yaqin dunyo davlatlarining 19 tasidagina bu turdagi jinoyatlar uchun javobgarlik belgilangan. Albatta, har bir mamlakatning o‘z qonun-qoidalari mavjud.

Qonun loyihasi bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga respublika hududiga uchuvchisiz uchadigan apparatlarni qonunga xilof ravishda olib kirish, o‘tkazish, olish, saqlash yoki ulardan foydalanishni birinchi marta sodir etgan shaxslarga nisbatan jinoiy javobgarlik o‘rniga ma’muriy javobgarlikni belgilovchi, shuningdek, ushbu huquqbuzarliklarni takror sodir etganlik uchun jinoiy javobgarlik jazo choralarini yengillashtiruvchi tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalarni kiritish nazarda tutilmoqda.

Kiritilayotgan normalar fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish, mamlakatimizga chet ellik turistlarning keng jalb etilishi uchun qulay sharoitlarni ta’minlash, shuningdek, respublikamizning xalqaro maydondagi nufuzini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Majlisda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 

Muhtarama Komilova,  

O‘zA