Xo‘jayli tumani “Qirqinchi” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi “Qoraqalpoq tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ko‘p yillardan buyon tadbirkor Nargul Xudaybergenova rahbarlik qilmoqda.

O’zLiDeP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi  “Ayollar qanoti” tashabbusi bilan “Bunyodkor ayollar” loyihasi doirasida mazkur tadbirkorlik sub’ektiga sayohat tashkil qilindi. Loyihaning maqsadi  xotin-qizlar o‘rtasida biznes ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha bepul  o‘quv- amaliy kurslarni tashkil etish, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni tadbirkorlikka, xususan, oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik, kasanachilik faoliyatiga keng jalb etishdir.  Shuningdek, ularning  ta’lim va kasbiy ko‘nikma olishi, munosib ish topishiga har tomonlama ko‘maklashish, iqtidorli yosh xotin-qizlarni aniqlash hamda qobiliyatini to‘g‘ri yo‘naltirishdan iborat.

Tadbirda deputatlar va  partiya vakillari  xodimlarni “O‘zbekiston–2030” strategiyasining mazmun-mohiyati bilan yaqindan tanishtirdi. Unda barcha sohalar singari tadbirkorlikni yanada rivojlantirish borasida ustuvor vazifalar belgilab berilgani qayd etildi.

Mazkur korxona tikuvchilikka ixtisoslashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda bu yerda 20 nafardan ziyod xotin-qiz ish bilan ta’minlangan. Korxonada asosan turli millat vakillarining bejirim  kiyimlari, milliy uslubdagi  quroq ko‘rpachalar  tikiladi.   Partiya vakillari  korxona faoliyati bilan tanishish jarayonida ishchi xodimlarning fikr va takliflarini ham tingladi.

Kelajakda  korxona faoliyatini  yanada  kengaytirish,  shu orqali ishchi o‘rinlarini ko‘paytirish, mahalla qizlarini ish bilan ta’minlash, o‘quv markazi tashkil etish rejalashtirilgan.

Sayohat davomida partiya tashkil etilganining 20 yilligi munosabati bilan ishchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri