Bugungi kunda teleko‘rsatuvlar, konsert-tomosha va kinofilmlar namoyishi davomida bir nechta reklama bloklari joylashtirilishi keskin muhokamalarga va keng jamoatchilikning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Joriy yilning iyul-avgust oylarida 8 ta telekanaldan reklama uchun ajratilgan efir vaqtining kunlik hajmiga 15 foiz nisbatan qo‘yilgan talablarga rioya qilinmagan.

Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi yig‘ilishida aytib o‘tildi. Unda “Reklama to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishi holatini nazorat-tahlil tartibida o‘rganish yakunlari muhokama qilindi.

Muhokamalar davomida bugungi kunda teledasturlarning reklama qismlari (bloklari) tovushining teledasturlarga nisbatan me’yordan balandroq berilishi holatlari kuzatilayotgani va bu teletomoshabinlarning e’tiroziga sabab bo‘layotgani qayd etildi. Reklama qonunchiligida reklamaning tovushiga nisbatan qat’iy me’yorlar belgilangan bo‘lsada, ayrim telekanallar tomonidan reklama bloklarida joylashtirilgan reklamaning tovushi teledastur va teleko‘rsatuv tovushiga nisbatan balandroq qilib berilmoqda.
Qo‘mita a’zolari ayrim telekanallar (“ZO‘R TV”, “Mening Yurtim”, “FTV”) tomonidan joylashtirilgan reklamaning tovushi boshqa teledasturlarga nisbatan oshib ketgani kuzatilganini aytib, bu borada qanday choralar ko‘rilayotgani bilan qiziqdilar.

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ullari ushbu savolga javob berar ekan, reklamani tovushiga nisbatan belgilangan me’yorlar (cheklovlar)ga rioya etmagan telekanallarga nisbatan ogohlantirish xatlari yuborilganini bildirdi.

Shuningdek, yig‘ilishda reklama qilinishi taqiqlangan yoki alohida tartibi mavjud reklama axboroti haqida ham so‘z yuritildi.

Dori vositalari, biologik faol qo‘shimchalar va boshqa preparatlarga oid tovarlar reklamasining qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 809 ta, xalq tabobati tovarlari reklamasining qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 29 ta, energetik ichimliklarning reklamasining qonunchilik talablariga mosligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 133 ta qonun buzilishi holatlari aniqlangan va O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan ogohlantirishlar berilgan.

Vakolatli davlat organi o‘z vakolatlaridan to‘liq foydalanmagan holda aniqlangan qonun buzilish holatlari bo‘yicha rasmiy ogohlantirishlar berish bilan cheklangan. Buning natijasida qonun buzilishi holatlari takrorlanayotgani tanqid qilindi.

Muhokamalarda sohadagi qator masalalar yuzasidan fikr-mulohaza va takliflar bildirildi.

M. Komilova, O‘zA