Yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan “2024 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi.

Mamlakatimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini nazarda tutuvchi mazkur hujjat borasida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtorjon Hojimatov quyidagilarni qayd etdi:

— Byudjet qonuni o‘rta muddatli davr uchun makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarni, O‘zbekiston Respublikasi konsolidatsiyalashgan byudjeti daromadlari va xarajatlari hamda uning taqchilligi prognozlarini, taqchillikni moliyalashtirish manbalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, soliq-byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlarini, makro-fiskal tavakkalchiliklar va davlat qarzi tahlilini o‘z ichiga olgan.

Butun dunyoda iqtisodiy zanjirlar uzilib, siyosiy-iqtisodiy sanksiyabozliklar davom etayotgan bir sharoitda iqtisodiyotni o‘stirishga qaratilgan rejalashtirishni ijobiy baholasak bo‘ladi. Shunday sharoitda byudjetni boshqarish, uni maksimal samarali tashkil qilish masalasi ham o‘ta jiddiy yondashuvni taqozo etadi.

Shundan kelib chiqib, O‘zbekiston Ekologik partiyasining fraksiyasi tomonidan kelgusi yil Davlat byudjeti samarali bo‘lishini ta’minlash maqsadida atroflicha muhokama qilindi.

Davlat byudjetining kelgusi yil loyihasini tahlil qiladigan bo‘lsak, byudjetda sog‘liqni saqlash, ta’lim, inson kapitalini rivojlantirish, yangi ish o‘rinlarini yaratish, aholini uy-joy bilan ta’minlash, atrof-muhitni yaxshilash uchun ajratiladigan davlat xarajatlari miqdori o‘tgan yilgi byudjet bilan taqqoslaganda sezilarli darajada oshgan.

Jumladan, bugungi global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq ekologik muammolar avj olayotgan bir davrda iqlim o‘zgarishlari mamlakatlarning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ham salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan bir davrda Davlat byudjeti loyihasida ekologiya yo‘nalishiga ajratilayotgan xarajatlarga alohida e’tibor qaratildi.

Ayniqsa, mazkur moliyaviy hujjatda iqlim o‘zgarishlarining oldini olish va unga moslashishda muhim instrument hisoblangan “Yashil iqtisodiyot”ga o‘tishga qaratilgan islohotlar doirasida bir qator loyihalarning joriy etilishi yangicha yondashuvlardan dalolat beradi. Xususan, O‘zbekistonda byudjetni “yashil” markirovkalash, Iqlim o‘zgarishi sharoitida iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha milliy baholash loyihalari shular jumlasidandir.

Byudjet loyihasida avvalgi yillarga nisbatan sohaga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar salmoqli oshganini ko‘rishimiz mumkin. Birgina suv xo‘jaligi sohasi tashkilotlarini saqlash va dasturlarini amalga oshirish uchun jami 9,2 trln. so‘m mablag‘ ajratilishi kutilmoqda. Aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va oqova suvlarni chiqarib yuborish tizimi ob’ektlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlariga 1 trln. 260 mlrd. so‘m ajratish rejalashtirilgan.

Fraksiyamiz yig‘ilishida hududlardagi chiqindixonalarni tartibga solish, aholi punktlarini havoni ifloslantiruvchi har qanday chiqindilardan tozalash va chiqindilar ta’sirida turli yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olish yuzasidan kompleks choralarni ko‘rishimiz lozimligiga e’tibor qaratildi.

Byudjet loyihasida sanitar-tozalash ishlarini tashkil etish, aholi punktlarida tozalikni ta’minlash xarajatlariga 108 mlrd. so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgani, biroq bu mablag‘lar yetarli rejalashtirilmagani deputatlarning e’tiborini tortdi. Shu bois, deputatlar taklifi bilan mazkur yo‘nalishga xarajatlar 66,4 mlrd. so‘mga oshirilib, jami 174,4 mlrd. so‘m ajratilishi belgilandi.

Fraksiyamiz a’zolari tomonidan byudjetning nafaqat xarajat qismi, balki daromadlar qismi ham chuqur tahlil qilindi. Jumladan, yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan og‘ir yuk mashinalarning barchasi uchun bir xil ya’ni, yillik bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravari miqdorida yo‘l yig‘imini joriy etish bo‘yicha loyihada berilgan taklif yuzasidan ushbu yig‘imni yuk avtotransportlarining yuk ko‘tarish hajmiga qarab tabaqalashtirilgan stavkalarni joriy etish taklif etildi.

Bir so‘z bilan aytganda, qabul qilingan byudjet to‘g‘risidagi qonun aholi farovonligini yanada oshirish va turmush tarzini yaxshilashga xizmat qiladi.

O‘zA muxbiri Muhtarama Komilova yozib oldi.