Saylov kodeksiga, “O‘zbekiston Respublikasining referendumi to‘g‘risida”gi hamda ushbu yo‘nalishdagi tegishli boshqa qonunlarga zarur o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Qonunchilik palatasiga saylovni aralash (majoritar, proporsional) saylov tizimi asosida o‘tkazish taklif etilmoqda. Shuningdek, quyi palataning 75 nafar deputati majoritar saylov tizimi asosida bir mandatli saylov okruglaridan, qolgan 75 nafari proporsional saylov tizimi (partiya ro‘yxati) asosida siyosiy partiyalarga berilgan ovozlar bo‘yicha yagona saylov okrugidan saylanishi belgilanmoqda.

Bu “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda aks etmoqda.

Referendum va saylov to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirishni nazarda tutuvchi ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida sohaga taalluqli qonunlar yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtiriladi.

Markaziy saylov komissiyasi, hududiy, tuman va shahar saylov komissiyalarining vakolatlari aniq belgilab qo‘yiladi. Qonunchilik palatasi deputatlari korpusini shakllantirishning majoritar-proporsional shakliga asoslangan saylov tizimi joriy etilishining huquqiy asoslari yaratiladi.

Senatning Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida shu haqda gap bordi.

Qonunning yana bir muhim yangiligi shundaki, Saylov kodeksining 70 va 91-moddalariga siyosiy partiyalar tomonidan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatilayotganda ayollar sonining eng kam miqdorini nomzodlar umumiy sonining 30 foizidan 40 foiziga oshirishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Majlisda “Tuproqni muhofaza qilish va uning unumdorligini oshirish to‘g‘risida”, “Davlat mulkini xususiylashtirish to‘g‘risida”gi kabi navbatdagi yalpi majlisda muhokama etilishi rejalashtirilgan boshqa qonunlar ham ko‘rib chiqildi.

Majlisda qo‘mita tomonidan Yoshlar parlamenti a’zolari bilan birgalikda yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli va samarali o‘tkazishga qaratilgan to‘garaklar faoliyatini o‘rganish rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi.

Shu munosabat bilan ushbu to‘garaklarga mas’ul bo‘lgan vazirlik va idoralar vakillarining bu borada olib borayotgan ishlari yuzasidan qisqacha axborotlari eshitildi.

N.Abduraimova, O‘zA