Toshkent shahar hokimining turizm, sport, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari F.Davruqov Rossiyaning Tabiiy fanlar akademiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlik jadal sur’atlar bilan rivojlanayotgani va ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali muloqot hamkorlikni yanada istiqbolli yo‘lga qo‘yishda katta o‘rin tutishi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Rossiya yoshlari o‘rtasida ilm-fanning turli sohalarida tajriba almashishni yo‘lga qo‘yish, turistik mahsulotlarni targ‘ib qilish, Rossiya va O‘zbekistonning yirik turoperatorlari vakillarining qo‘shma turistik ko‘rgazmalarida ishtirokini ta’minlash, madaniyat sohasidagi turli tadbirlar kabi istiqbolli loyihalarga urg‘u berildi.

Shuningdek, mehmonlar ijtimoiy, ilm-fan yo‘nalishi, sog‘liqni saqlash, biznes, sanoat, ta’lim, kommunal, transport kabi qator sohalardagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Turli sohalarda xususan, tirbandlikni oldini olishda Moskva shahrida amalga oshirilgan muvaffaqiyatli loyiha tajribasi haqida ma’lumot berdi. O‘zbekiston o‘z oldiga qo‘ygan maqsadlarini tizimli amalga oshirib borayotgani, bunda hukumatning oqilona boshqaruv siyosati katta o‘ringa ega ekani e’tirof etildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA