Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev boshchiligidagi delegatsiya ayni kunlarda Xitoy Xalq Respublikasida bo‘lib, hamkorlik uchrashuvlari o‘tkazmoqda.
Joriy yilning oktyabr oyida davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan amaliy tashrifi davomida qo‘shma loyihalar “yo‘l xaritasi”ni qabul qilishga kelishib olingan edi. Ushbu tashrifdan ko‘zlangan maqsad Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar tashkil etish, ularning faoliyati bilan yaqindan tanishish va hamkorlik yuzasidan istiqbolli loyihalarni ishlab chiqishdir.
Delegatsiya a’zolari dastlab Pekin shahridagi mamlakatimiz elchixonasida tashkil etilgan “Qoraqalpog‘iston – Xitoy biznes forumi” doirasidagi investitsiya va turizm sohasini rivojlantirish forumida ishtirok etdi. Unda ushbu mamlakatning bir qator yirik kompaniyalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Jumladan, “Ji An Tai Technologies” kompaniyasi bilan marmarni qayta ishlash va oltinni flotatsiya usulida qayta ishlashni tashkil etish, “Norinco International” kompaniyasi bilan yo‘lovchi tashish transportini yetkazib berish, “Liaoning Lide Investment Holdings Group Pte. Ltd” kompaniyasi bilan qayta tiklanuvchi energiya manbalari uskunalari ishlab chiqarish, “Guangdong Urban &Rural Planning and Design Institute Co. LTD” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha dastur ishlab chiqish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi. Shuningdek savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish maqsadida qiymati 1,4 million AQSH dollariga teng shartnoma imzolandi.
Tashrif dasturi doirasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev va delegatsiya a’zolarining Szyansu provinsiyasi partiya qo‘mitasi kotibi Sin Chansin bilan rasmiy uchrashuvida o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash va rivojlantirish, do‘stlik va sheriklik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish qayd etildi. Davlatimiz rahbarining Qoraqalpog‘istonga alohida e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida so‘nggi yillarda qabul qilingan farmon hamda qarorlarning mohiyati, hududning investitsion jozibadorligini oshirish borasida tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi.
Mehmonlar Chjenszyan shahridagi “World Group” qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish korxonasida bo‘lib, ko‘rgazma paviloni bilan tanishdi. Kompaniya rahbari Chju Linszuan bilan uchrashuv mamlakatimizda, shu jumladan, Orolbo‘yida qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish sanoatini rivojlantirish, aholini va agrar sektorni hududning iqlim va tuproq sharoitiga mos zamonaviy hamda arzon qishloq xo‘jaligi texnikalari bilan ta’minlash, kompaniyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasida qishloq xo‘jaligi texnikalarini yig‘ish va servis xizmatini ko‘rsatuvchi yangi korxonasini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Xitoyning “Jiansu Tiansheng Pharmaceutical co., LTD” direktorlar kengashi rahbari Szi Xao bilan uchrashuv ham samarali bo‘ldi. Kompaniya rahbari ta’kidlaganidek, 2018 yilda 5 million dollar investitsiya kiritib, Nukus tumanida qo‘shma korxona tashkil etildi. Unda hozirgi vaqtda 150 nafar kishi ish bilan ta’minlanib, qizilmiya ekstrakti xorijga eksportga yo‘naltirilmoqda. Hamkorlik yanada davom ettirilib, kelgusi yili yangi loyihalar amalga oshirilishi bildirildi.
Tashrif davomida Xitoyning bir qator yirik tadbirkorlari bilan turli xil formatlarda uchrashuvlar o‘tkazildi va hamkorlik shartnomalari imzolandi. Jumladan Qorao‘zak tumanidagi “Karakalpak sement” hamda “Shah polan” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan umumiy qiymati 135,3 million AQSH dollari miqdoridagi 4 ta investitsion kelishuvga erishildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri