Bugungi kunda raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish bank-moliya tizimini takomillashtirishning muhim yo‘nalishiga aylanmoqda.

Xususan, keyingi yillarda O‘zbekistonda bank-moliya sektorini modernizatsiya qilish, valyuta bozorining liberallashuvi mamlakatimiz iqtisodiyotida xorijiy investitsiyalar hajmining oshishiga sabab bo‘lmoqda.

O‘zbekiston delegatsiyasi Turkiyaning Istanbul shahrida o‘tkazilgan “Keyingi asrga navigatsiya: chaqiriqlar va va’dalar” mavzusida o‘tkazilgan 14-Bosfor sammitida ishtirok etdi.

Sammitda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov qatnashdi, deyiladi “Taraqqiyot strategiyasi” markazi Axborot xizmati ma’lumotida.

Markaz direktori o‘z nutqi avvalida Bosfor sammiti turli sohalarda kelajak istiqbollarini, rejalarni ko‘rib chiqish va fikr almashish uchun yetakchilar, ekspertlar va manfaatdor shaxslarni birlashtirgan muhim xalqaro platformalardan biri ekanligini ta’kidladi.

Shuningdek, sammit ishtirokchilariga O‘zbekiston bank-moliya sohasidagi bugungi islohotlar, kelgusida “O‘zbekiston – 2030» strategiyasi doirasida amalga oshirilishi rejalashtirilgan chora-tadbirlar haqida ma’lumot berdi.

Shuningdek, hukumat 2020-2025 yillarda O‘zbekistonning bank tizimini isloh qilish strategiyasiga muvofiq sohada samaradorlik va moliyaviy barqarorlikni oshirish, bank xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish va tizimdagi davlat ulushini kamaytirish borasida islohotlarni amalga oshirayotgani va erishiladigan maqsadlar haqida gapirdi.

–2020-2025 yillarda O‘zbekiston bank tizimini isloh qilish strategiyasining amalga oshirilishi bank sektorining iqtisodiyotni rivojlantirishdagi rolini kuchaytirish, yangi investor va texnologiyalarni jalb qilish, o‘z-o‘zidan bank bozorida raqobatni kuchaytirish imkonini berdi, – dedi Eldor Tulyakov.

U sohaning me’yoriy-huquqiy bazasi takomillashtirilib, to‘lov infratuzilmasini rivojlantirish rag‘batlantirilayotgani, masofaviy bank xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan to‘lov kompaniyalari safi ortib borayotgani, umuman, O‘zbekiston ushbu sektorni raqamli transformatsiya qilish doirasida erishilayotgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Shu bilan birga, “O‘zbekiston – 2030» strategiyasida ham mamlakatda moliya-bank sektorini isloh qilish va rivojlantirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar ko‘zlanganini alohida ta’kidladi. Unga ko‘ra, bank va moliya tizimida yillik kreditlash hajmini 40 milliard dollarga yetkazish, omonatlar hajmini 4 barobarga oshirish vazifasi belgilangan.

Bundan tashqari, banklarni xususiylashtirish va davlat ixtiyorida 3-4 tasini saqlab qolib, bank bozoriga kamida 4 ta yirik nufuzli chet el bankini jalb qilish orqali ularning kapitallashuvi, samaradorligi va raqobatbardoshligini oshirish, yangi texnologiya va xalqaro standartlarni joriy qilish, bank sektorining jahon moliya tizimiga integratsiyalashuvini kuchaytirish maqsad qilinmoqda.

Darhaqiqat, strategiyada banklarga xalqaro tan olingan minimal standart va talablarni joriy qilish orqali me’yorlar va nazorat bazalarini takomillashtirish, kamida 3 ta tijorat bankida Islom moliyasi mezon va tartiblarini joriy etish, uning qonuniy asoslarini shakllantirish, sudga kiritilgan da’volar bo‘yicha kreditlarga oshirilgan foiz va jarima hisoblashni to‘xtatish mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishdek muhim vazifalar belgilangan.

 

Abdulaziz RUSTAMOV,

O‘zA