O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida ovchilar jamoat birlashmalari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, ovchilar jamoat birlashmalarining jamoat xavfsizligini ta’minlash sohasida tegishli davlat organlariga ko‘maklashish va amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha zamonaviy uslublar joriy etiladi.

Bunda quyidagi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratiladi: 

ovchilik xo‘jaliklari va ularga tutash boshqa hududlarda shubha uyg‘otuvchi shaxslarning bo‘lishini, ular tomonidan qurol-aslaha, giyohvandlik vositalari, boshqa taqiqlangan ashyolarni olib o‘tish yoki yashirib qo‘yish, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi boshqa holatlarni aniqlash hamda bartaraf etish bo‘yicha vakolatli davlat organlariga amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi faoliyatni yanada kengaytirish;

fuqarolarni ov quroli bilan muomalada bo‘lish va undan xavfsiz foydalanish qoidalariga o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish;

sportning harbiy-amaliy turlarini (stendga o‘q otish, ovchilik biatloni) rivojlantirishda, ushbu sport turlari bilan shug‘ullanish uchun zarur moddiy-texnik baza va infratuzilmani yaratishda, shuningdek, ovchilik- sport klublari tizimini shakllantirishda ishtirok etish;

sportning o‘q otish turlari bo‘yicha iqtidorli yosh sportchilarni aniqlash, tayyorlash hamda o‘quv-mashq jarayonini samarali tashkil etishda sport tashkilotlariga yaqindan ko‘maklashish.

Qaror bilan ovchilik nazorati jamoatchi inspektori faoliyatini tashkil etish tartibi, ovchilik nazorati jamoatchi inspektorlari tarkibini shakllantirish mezonlari va ovchilik nazorati jamoatchi inspektorining vakolatli davlat organlariga amaliy yordam ko‘rsatish borasidagi huquq va majburiyatlarini nazarda tutuvchi Ovchilik nazoratining jamoatchi inspektori to‘g‘risidagi namunaviy nizom;

quroldan xavfsiz foydalanish qoidalariga o‘qitish bo‘yicha maxsus qisqa muddatli o‘quv kurslariga qabulni tashkil etish hamda o‘quv yuklamasi hajmini belgilash, o‘quv kurslarida o‘quv jarayonini tashkil etish va yakuniy imtihonlarni o‘tkazish hamda o‘quv kurslarini tamomlagani to‘g‘risida guvohnomalar berish va ularning reyestrini yuritish tartibini nazarda tutuvchi quroldan xavfsiz foydalanish qoidalariga o‘qitish bo‘yicha qisqa muddatli maxsus o‘quv kurslari to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi.

 O‘zA