Poytaxtimizda Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev hamda Ozarbayjon Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri Sahil Babayev bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Uchrashuvda joriy yilning 20 oktyabrida Toshkentda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirishning bugungi holati hamda ikki mamlakat vazirliklari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelgusidagi rejalar muhokama qilindi.

Shuningdek, Ozarbayjon mehnat vaziri joriy yilning oktyabr oyida O‘zbekistonga tashrifi yuqori saviyada tashkil etilgani haqida to‘xtalib, ushbu safar davomida Samarqand shahridagi “Ishga marhamat” monomarkaziga borgani hamda ishsiz aholini kasbga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha O‘zbekistonda yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishtirilgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

–Yurtingizdagi ishsiz aholini kasbga o‘qitishni tashkil etish bo‘yicha amalga oshirayotgan chora-tadbirlaringiz ko‘lami, monomarkazlarda yaratilgan shart-sharoitlar, bandlikni ta’minlash bo‘yicha tizimli xizmat ko‘rsatish menda katta taassurot qoldirdi, –dedi Sahil Babayev. – Biz ushbu tajribani Qorabog‘da kasb-hunarga o‘qitish markazini qurish va ishga tushirish jarayonida qo‘llashni istaymiz, uning konsepsiyasi yaqinda ishlab chiqilgan.

Uchrashuv yakunida  mehnat munosabatlarini tartibga solish, shaffoflikni ta’minlash orqali tekshirishlarni tashkil qilish, mehnat qonunchiligiga rioya etilishini monitoring qilishning innovatsion usullarini joriy etish borasida ikki tomonlama kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar aniq chora-tadbirlar va ularni amalga oshirish bo‘yicha “Qo‘shma yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish va tasdiqlashga kelishib oldilar.

Shuningdek, barqaror va tezkor ijtimoiy ta’minot agentligiga tashrifi davomida delegatsiya a’zolariga 140 dan ortiq xizmat ko‘rsatish turlari bo‘yicha Ozarbayjon tajribasi taqdim etildi.

Bu yerda bandlik, ijtimoiy himoya, imtiyozlar, shu jumladan, stipendiya va pensiya ta’minotiga oid barcha xizmatlar “Yagona darcha” tamoyili asosida taqsimlanadi.

Ozarbayjonning ushbu tajribasi asosida O‘zbekistonda bandlik sohasida kompleks raqamli xizmatlar ko‘rsatish markazini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA