“O‘zbekiston” xalqaro forumlar saroyida “O‘zbekiston davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash” dasturi sovrindorlarini taqdirlash marosimi tashkil etildi.

Tantanali tadbirda hukumat a’zolari, vazirlik va idoralar rahbarlari, mas’ullari, davlat fuqarolik xizmatchilari hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Aytib o‘tish kerakki, davlat boshqaruvi va davlat fuqarolik xizmati samaradorligini oshirish, bu borada ilg‘or chet el tajribasini o‘rganish va joriy qilish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklari hukumati bilan hamkorlik olib borilmoqda.

Ma’lumot uchun: 2022 yil 11 aprelda Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolangan.

Anjumanni kirish so‘zi bilan ochgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy janoblari va boshqa hukumat vakillari ishtirok etayotganini qayd etdi. BAA Yaqin Sharq mintaqasida O‘zbekiston uchun eng muhim sheriklardan biridir. O‘tgan qisqa vaqt ichida ikki tomonlama munosabatlar keng qamrovli hamkorlik darajasiga ko‘tarildi. Bu jarayonda erishilgan kelishuvlar amalda ro‘yobga chiqarilmoqda. Bunga davlatlarimiz rahbarlari – O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va BAA Prezidenti Muhammad bin Zoid Ol Nahayon mustahkam asos yaratib bergan.

BAA Hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy mamlakatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar rivojlanib borayotganini qayd etdi. Bugun strategik sheriklik samarasini nishonlamoqdamiz va biz bundan mamnunmiz. Davlat organlari faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan samarali hamkorlik mamlakatlarimiz taraqqiyotida aks etmoqda. Erishilayotgan yutuqlarda mamlakatlarimiz Prezidentlarining o‘rni va roli hamda qo‘llab-quvvatlashi muhim o‘rin tutayotir. Ayniqsa, O‘zbekiston dunyoning yangi kelajagini yozish yo‘lidan bormoqda. Mamlakatingizni yangi yutuqlari bilan tabriklayman.

– Davlat boshqaruvi va davlat fuqarolik xizmati samaradorligini oshirish sohasida BAAning rivojlanish tajribasi asosida “O‘zbekiston davlat organlari faoliyati samaradorligini baholash” dasturi ishlab chiqildi, – deydi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi mas’ul xodimi Sevara Zokirova. – Loyiha Prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi va Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan BAA Bosh vaziri ofisi bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Dastur mamlakatda davlat boshqaruvi va davlat xizmati samaradorligini baholashga yo‘naltirilgan bo‘lib, mamlakatning milliy rivojlanish dasturi, sohaviy strategiyalarning ijrosini ta’minlashda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etgan davlat organlari va davlat xizmatchilarini munosib rag‘batlantirish maqsadida amalga oshiriladi.

Dasturda joriy yilning avgust oyida 17 ta vazirlik va 70 nafardan ortiq vazirlik xodimlari 8 ta nominatsiya bo‘yicha ishtirok etdi. Taqdim etilgan anketalarni Dasturga muvofiq baholash maqsadida BAAdan 36 nafar malakali mutaxassis-asessor jalb qilindi. Ular vazirliklarga chiqishdi, Davlat boshqaruvi akademiyasida intervyular tashkil etdi. Baholashda strategik maqsadlarni amalga oshirish, qadriyatlar, resurslarni yaratish imkoniyatlari inobatga olindi.

“Namunali vazirlik” nominatsiyasida Adliya vazirligi 1-o‘rin, Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2-o‘rin, Raqamli texnologiyalar vazirligi 3-o‘rinni egalladi.

“Strategik maqsadlarni amalga oshirishda Sog‘liqni saqlash vazirligi 1-o‘rin, Raqamli texnologiyalar vazirligi 2-o‘rin, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 3-o‘rinni zab etdi.

“Funksiya, xizmat va innovatsiyalarni amalga oshirish” nominatsiyasida Adliya vazirligi 1-o‘rin, Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2-o‘rin, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi 3-o‘rin bo‘ldi. .

“Integratsiyalashgan mexanizmlar sohasidagi namunali vazirlik” nominatsiyasida Adliya vazirligi 1-o‘rin, Qishloq xo‘jaligi vazirligi 2-o‘rin, Madaniyat vazirligi 3-o‘rinni oldi.

“Eng yaxshi tashabbus” nominatsiyasida “Ay-Ti park” tashabbusi bilan mazkur park ijrochi direktori Abdulahad Qo‘chqorov 1-o‘rin, “Yoshlar texnoparki” tashabbusi bilan Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri o‘rinbosari Shahloxon Turdiqulova 2-o‘rin, “AKIS-qishloq xo‘jaligi xizmatlari” tashabbusi bilan Qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Qahramon Yuldashev 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.

“Eng yaxshi loyiha” nominatsiyasida “Qishloq xo‘jaligi xoldinglarini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligi va daromadlarini oshirish” loyihasi bilan Qishloq xo‘jaligi vazirining birinchi o‘rinbosari Azimjon Nazarov, “Amu-Buxoro irrigatsiya tizimini qayta tiklash” loyihasi bilan Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev, “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi bilan Raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Rustam Karimjonov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Bundan tashqari, tadbirda individual nominatsiyalar g‘olib va sovrindorlari ham aniqlandi. Bunda namunali vazir o‘rinbosari, namunali boshqaruv xodimi, murojaatlar bilan ishlash va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha namunali xodim, namunali ixtisoslashgan xodim, namunali hududiy boshqarma xodimi aniqlandi.

G‘oliblarga hamkorlarning diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Norgul Abduraimova,

Murodxon Xo‘jayev (surat), O‘zA