Tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish borasidagi islohotlar izchil davom ettirilmoqda.

Amaldagi qonunchilikda yuridik shaxs tashkil etmagan holda oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari uch nafargacha doimiy ishchini yollab, ular bilan mehnat shartnomasi tuzishga haqli ekanligi belgilangan.

Ishchilar sonining uch nafar etib belgilangani oilaviy tadbirkorlik sub’ektlariga ish hajmini oshirish va faoliyat ko‘lamini kengaytirishda muammolarni yuzaga keltirmoqda. Oqibatda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga keldi.

Shu sababli “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqildi.

Senatning Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi tomonidan navbatdagi yalpi majlis oldidan o‘tkazilgan yig‘ilishda mazkur qonunga alohida e’tibor qaratildi.

Qonunda oilaviy tadbirkorlik sub’ektlari endi uch nafar emas, balki besh nafargacha doimiy ishchini yollashi va ular bilan mehnat shartnomasi tuzishi mumkinligi belgilanmoqda. Bu oilaviy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishga imkoniyat yaratadi.

Bundan tashqari, majlisda Bojxona kodeksining 297-moddasi ikkinchi qismiga nodavlat sport-ta’lim tashkilotini bojxona bojini to‘lashdan ozod qilishni nazarda tutuvchi qo‘shimcha kiritilayotgani senatorlarning diqqat markazida bo‘ldi.

Bu tarbiya va sport sohasida nodavlat ta’lim xizmatlari ko‘rsatish faoliyatini rivojlantirishga, iqtidorli sportchilarni saralash va ularni tayyorlashda davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlari o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini yaratishga xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA