Do‘stlik, o‘zaro hurmat va ishonch tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Xitoy hamkorligi yildan-yilga yanada rivojlanib, yangi amaliy mazmun bilan to‘ldirilmoqda. Har tomonlama strategik sheriklik darajasi yuksalayotir.

Davlatlarimiz rahbarlarining muntazam muloqot olib borishi, o‘zaro tashrif va uchrashuvlari natijasida xalqlarimiz o‘rtasida turli sohalardagi aloqalar mutlaqo yangi bosqichga chiqdi.

Senat raisi Tanzila Norboyevaning Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Yuy Szyun bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ayni shu jihatlarga e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy, madaniy-gumanitar, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Savdo-iqtisodiy sohadagi hamkorlikda ijobiy ko‘rsatkichlar qayd etilib, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi (joriy yil yanvar-avgust oylarida) 36 foizga o‘sdi.

Ko‘rsatkichlarni yanada oshirish uchun imkoniyatlar yetarli ekani, nafaqat hukumatlar darajasida, balki hududlararo hamkorlik aloqalarini ham yanada kengaytirish lozimligi qayd etildi.

Parlamentlararo aloqalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklikni yanada mustahkamlashning amaliy mexanizmi ekanligidan kelib chiqib, Oliy Majlis va Butunxitoy xalq vakillari kengashi o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni yanada jadallashtirish, buning uchun faol sa’y-harakatlarni olib borish muhimligi aytib o‘tildi.

Muloqot davomida fan, ta’lim hamda madaniy-gumanitar yo‘nalishlardagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.

N.Abduraimova, O‘zA