O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “O‘zbekiston Respublikasida hamda xorijda hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari tomonidan xorijda va O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Konsullik-huquqiy departamenti tomonidan O‘zbekiston Respublikasida hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish tartibini belgilaydi. Hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish ulardagi imzolarning haqiqiyligini, hujjatni yoki dalolatnomani imzolagan shaxsning vakolatlarini, legallashtirishga taqdim etilgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini hamda ushbu hujjatlar va dalolatnomalarning xorijiy davlat yoki O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga muvofiqligini aniqlash va shahodatlashdan iboratdir.

Konsullik muassasalari tomonidan hujjatlar va dalolatnomalarning legallashtirilishi ularning xalqaro munosabatlardagi qonuniyligini tasdiqlaydi.

Konsullik legallashtirish hujjat yoki dalolatnomada bayon etilgan faktlarni emas, balki faqat ularni imzolagan shaxsning vakolatlarini, legallashtirishga taqdim etilgan hujjatga yoxud dalolatnomaga bosilgan muhr yoki shtampning haqiqiyligini aniqlash va shaxodatlashdan iboratdir. Konsullik legallashtirish funksiyasini:

xorijiy davlatlarda – O‘zbekiston Respublikasining konsullik muassasalari;

O‘zbekiston Respublikasida – Konsullik-huquqiy departament amalga oshiradi.

Xorijiy davlatlarda hujjatlar va dalolatnomalarni konsullik legallashtirish funksiyalari konsullik mansabdor shaxsi tomonidan amalga oshiriladi.

Agar muayyan sababga ko‘ra konsul o‘z funksiyalarini bajara olmasa yoki konsul lavozimi vaqtincha bo‘sh bo‘lsa, konsulning vazifalari xorijiy davlat hududida joylashgan mazkur yoki boshqa konsullik muassasasining boshqa mansabdor shaxsiga yoki ushbu davlat hududida joylashgan O‘zbekiston Respublikasi diplomatik vakolatxonasining diplomatik xodimlaridan biriga yuklanadi.

O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va muassasalari xorijiy davlatlarning tashkilotlaridan jo‘natiladigan hujjatlar va dalolatnomalar ular konsullik muassasasi tomonidan legallashtirilgan taqdirdagina, agar O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlarida yoki O‘zbekiston Respublikasi va ushbu hujjatlar hamda dalolatnomalar jo‘natiladigan davlat ishtirokchi bo‘lgan xalqaro shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ko‘rib chiqish uchun qabul qiladi.

Konsul xorijiy davlat hududida rasmiylashtirilgan hujjatni legallashtirish uchun zarur hollarda mazkur hujjatning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi yoki boshqa tillardagi notarial tartibda tasdiqlangan tarjimasini taqdim etishni talab qilishga haqli.

Quyidagi hujjatlar va dalolatnomalar konsullik muassasalari tomonidan legallashtirilmaydi:

O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlariga zid bo‘lgan;

o‘z mazmuniga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi manfaatlariga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan;

noto‘g‘ri rasmiylashtirilgan;

O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining sha’ni va qadr-qimmatiga putur yetkazadigan ma’lumotlar mavjud bo‘lgan;

tozalashlar, qo‘shimcha yozuvlar yoki qayd etilmagan tuzatishlar, shuningdek, qalam bilan yozilgan yozuvlar mavjud bo‘lgan;

bir necha varaqlarda tuzilgan, lekin tartib raqami qo‘yilmagan, tikilmagan, hujjat yoki dalolatnomani taqdim etgan tashkilotning muhri va mansabdor shaxsning imzosi bilan shahodatlanmagan;

hujjatlarga faksimil imzo qo‘yilgan bo‘lsa (O‘zbekiston Respublikasi qonunchilik hujjatlarida belgilangan holatlar bundan mustasno).

Shuningdek, pasport, identifikatsiyalovchi ID-kartasi, partiyaga mansublik haqidagi hujjatlar, kasaba uyushmasi chiptalari, harbiy biletlar, toifa yoki diniy e’tiqodga mansublik haqidagi hamda fuqarolik muomalasidan chiqarilgan mol-mulk hujjatlarining asli va nusxalari legallashtirilmaydi.

O‘zA