Huquqiy munosabat

Shunday hadyalar borki, ularni taqdim etishda notarial idoralar ishtirok etib, maxsus shartnoma tuzish kerak bo‘ladi.  Bu hadya shartnomasidir.

Ushbu shartnomadagi me’yor va qoidalar xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov batafsil tushuntirish berdi.

–Hadya shartnomasiga oid qoidalar Fuqarolik kodeksining 31-bobi bilan tartibga solinadi. Ushbu bobda hadya shartnomasi, hadya oluvchining hadyani qabul qilishni rad etishi,  hadyani cheklash, hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish, hadyani bekor qilish  va hadyani bekor qilish mumkin bo‘lmagan hollar, kamchiliklari bo‘lgan mol-mulkni hadya qilish oqibatlari va hadya va’da qilinganida huquqiy vorislik kabi masalalar tartibga solib qo‘yilgan.

Fuqarolik kodeksining 502-moddasiga ko‘ra, hadya shartnomasiga muvofiq bir taraf (hadya qiluvchi) boshqa taraf (hadya oluvchi) ga ashyoni tekinga mulk qilib beradi yoki berish majburiyatini oladi yoxud unga o‘ziga yoki uchinchi shaxsga nisbatan mulk huquqi (talabi)ni beradi yo berish majburiyatini oladi.

Jumladan, uni o‘zi yoki uchinchi shaxs oldidagi mulkiy majburiyatdan ozod qiladi yoinki ozod qilish majburiyatini oladi.

Ashyo yoki huquq muqobil berilganida yo bo‘lmasa, muqobil majburiyat mavjud bo‘lganida shartnoma hadya deb tan olinmaydi.

Shuningdek, Fuqarolik kodeksining 507-moddasida hadyani bekor qilish tartibi belgilangan. Unga ko‘ra, hadya oluvchi hadya qiluvchining, uning oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlarining hayoti yoki sog‘lig‘iga qarshi ataylab jinoyat sodir qilgan hollarda hadyani bekor qilishga sud tartibida yo‘l qo‘yiladi. Hadya oluvchi hadya qiluvchini qasddan o‘ldirgan taqdirda hadya qiluvchining vorislari sudda hadyani bekor qilishni talab etish huquqiga ega.

Agar hadya oluvchining hadya qiluvchi uchun katta nomulkiy qiymatga ega bo‘lgan hadya buyumga nisbatan muomalasi uning butunlay yo‘q bo‘lib ketishi xavfini solsa, hadya qiluvchi hadya bekor etilishini sud tartibida talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxsning talabiga binoan sud yakka tadbirkor yoki yuridik shaxsning bankrotlik to‘g‘risidagi qonunchilik qoidalarini buzib, bankrot deb e’lon qilinishidan oldingi bir yil ichida tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq mablag‘lar hisobidan qilgan hadyasini bekor qilishi mumkin. Hadya shartnomasida hadya oluvchi hadya qiluvchidan oldin vafot etgan taqdirda hadya qiluvchining hadyani bekor qilish huquqi shart qilib qo‘yilishi mumkin. Hadya bekor qilingan taqdirda hadya oluvchi hadya qilingan ashyoni, agar u hadya bekor qilingan paytda asl holatda saqlanib qolgan bo‘lsa, qaytarishi lozim.

Demak, xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, hadya qilingan mol-mulk Fuqarolik kodeksining 507-moddasida belgilab qo‘yilgan tartibda qaytarib olinishi mumkin.

Lekin Fuqarolik kodeksining 508-moddasiga ko‘ra, hadya shartnomasini bajarishdan bosh tortish va hadyani bekor qilish to‘g‘risidagi qoidalar og‘zaki tuzilgan hadya shartnomalariga nisbatan qo‘llanmaydi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA