Amudaryo… Ushbu daryo – birinchi marta tashrif buyurgan odamda qandaydir g’ayrioddiy va sirli taassurotlar qoldirishi shubhasiz. Ayniqsa, ko’pchilikka mashhur bo’lgan Amudaryo baliqlari va daryo bo’yi tabiati insonlarga o’zgacha zavq bag’ishlaydi.

Amudaryo tumanining Qipchoq ovul fuqarolar yiginida joylashgan daryo buyidagi manzillarga nafaqat Qoraqalpog’iston, balki,  butun O’zbekistondagi ko’plab baliq va baliq ovi ixlosmandlari dam olish va turli xil baliqdan tayyorlanadigan o’zgacha ta’mli taomlardan bahramand bo’lish uchun tashrif buyuradilar. Ayniqsa uzoq vaqtli charchash va ish soatlaridan keyin tungi suv bo’yida baliq ovlash yoki qayiqda suzish va shirin ta’mli baliqili taomlarni tanovul qilishdan yaxshiroq dam olish bo’lmasa kerak.

Qolaversa, Amudaryo baliqlarining nega bunday shirin ta’mga ega ekanligi ko’pchilikni qiziqtiradi. Ushbu qiziqishlarimizdan kelib chiqib, Amudaryo baliqlarining nega bunday ajoyib ta’mga ega ekanligi haqida bilish uchun ayni baliqchilik makoni bo’lgan Amudaryo tumanidagi Qipchoq shaharchasidagi,asosan, baliqdan tayyorlanadigan taomlari bilan mashhur bo’lgan joyga tashrif buyurdik.

Bizni qiziqtiradigan, baliqdan tayyorlanadigan taomlarning pishirilish jarayonini kuzatdik. Tashrifimiz davomida shu yerda yillar davomida o’zgacha ta’mli taomlarni tayyorlab kelayotgan yosh oshpaz yigit bilan suxbatlashdik va bizni qiziqtirgan savollarga javob oldik.

 

Birinchi savolimiz ko’pchilik sevib iste’mol qiladigan baliqlar qay tarzda ovlanishi va daryodan tashqari qayrlardan keltirilishini so’rash haqida bo’ldi.

– Baliqlar asosan, daryodan va tumanimiz hududidagi katta-kichik ko’llardan ovlanadi.Bundan tashqari hozirgi kunda ko’plab baliqchilik bilan shug’ullanadigan yosh tadbirkor oilalar o’z fermer xo’jaliklarida  hovuzlar tashkil qilib u yerda baliqlarning turli xil navlarini ko’paytirishadi va bizning oshxonamizda pishirilayotgan baliqlarning ma’lum bir qismi aynan mana shu fermer xo’jaliklaridan olinadi,-deya javob berdi oshpaz.

Bu javoblardan keyin biz baliqlar qanday usulda pishirilishi va unda biz bilmagan sirlar bor-yo’qligi haqida ham qiziqdik va shunday javob oldik.    ,,Baliqlar kungabaqor yog’ida pishirilishi kerak va baliqlarning bunday mazali chiqishi aslida, pishirilish jarayonidan oldin uni o’z normasida yaxshilab tuzlashga bog’liq. Bizning ishimizda asosiy talab qilinadigan narsa – tozalik, e’tibor va o’z ishiga bo’lgan mehr hisoblanadi.’’

Baliqlar mavzusiga shu darajada sho’ng’ib ketganimizdan hozirgi kundagi qovurilgan baliq narxlari haqida ham so’radik. Yosh oshpaz esa shunday javob berdi ,, Baliqlarning sazan deb nomlangan turi kilogramiga 110 ming, pyostri deb nomlangan turi esa kilogramiga 90 ming so’mdan to’g’ri keladi.

Dastlab baliqlar so’yilib, tozalanib keyin o’lchanadi. ’’Qiziqarli suhbatimizni yosh oshpazning Amudaryo baliqlariga nega talab yuqoriligi va ko’pchilik ushbu baliqli taomlardan tanovul qilish uchun nega aynan bu joyni tanlashi va Amudaryo baliqlarining siri nimada ekanligi haqidagi fikrlarini so’rash bilan yakunladik.

,,O’zi aslida Amudaryo tumaning tabiati, xalqi,qadriyatlari va mehmondo’stligi ko’pchilikning e’tiborini tortadi va dam olish uchun daryo bo’yini tanlashining bir sababi ham shunda. Bundan tashqari, daryo bo’yining havosi,suvining o’zgacha xususiyatga ega ekanligi, chiroyli manzarasi va ayni yoz kunlarida daryodan kelib turadigan salqinlik insonlarga o’zgacha zavq va kayfiyat bag’ishlaydi. Va Amudaryo baliqlarining siri esa daryo suvining o’zgaruvchanligi,  o’zgacha kimyoviy tarkibidan to’yinganligi,qolaversa, oshpazlarning mahoratiga ham bog’liq deb o’ylayman.’’- deya javob berdi oshpaz.

Ha, daryo bo’yi tabiatining go’zalligi va havosining sofligi haqida so’z borganda, hech ikkilanmasdan ushbu o’ziga xoslik haqida soatlab gaprishimiz mumkin.

Diana Bozorboyeva,

Qoraqalpoq Davlat Universiteti 

3B kursi talabasi.

Qoraqalpog’iston axborot agentligi