Jahon savdo tashkiloti saytida “O‘zbekiston JSTga a’zo bo‘lish jarayoniga yangi sur’at bermoqda” sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Ma’lum qilinganidek, ushbu masala bo‘yicha ishchi guruh so‘nggi yig‘ilishida a’zo davlatlar respublika hukumatining tashkilotga qo‘shilish bo‘yicha muzokarani ilgari surish borasidagi sa’y-harakati faollashganini yuqori baholadi.

“Katta delegatsiya ishtiroki O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lish istagiga qat’iy va jiddiy sodiqligini aks ettiradi”, deya bayonot berdi ishchi guruh raisi, Koreya Respublikasi elchisi Yun Son Dok. Elchi, shuningdek iyun-oktyabr oylari davomida mamlakat yig‘ilishga muzokarani jadallashtirishga qaratilgan bir qator yangi hujjatlar taqdim etganini ham ta’kidladi.

Muallif qayd etishicha, JST bosh direktori o‘rinbosari Syanchen Chjan ishchi guruhga murojaatida institutsional o‘zgarishlarni, ichki muvofiqlashtiruv hujjatlari va taqdim etilgan boshqa qo‘shimcha materiallar qo‘llab-quvvatlanganini aytgan. Xususan, JST qoidalariga muvofiqlikni ta’minlash uchun qonun hujjatlarini ko‘rib chiqish mexanizmi institutsionallashtirilishiga yuqori baho bergan.

O‘zbekiston ishchi guruhning so‘nggi yig‘ilishidan buyon Gruziya, Mo‘g‘uliston, Nigeriya, Turkiya va Saudiya Arabistoni kabi besh a’zo mamlakat bilan ikki tomonlama bitimlar imzolanishi haqida ma’lumot bergan. Shuningdek, bozorlarga kirish bo‘yicha ikki tomonlama muzokara doirasida 31 a’zo bilan faol hamkorlik qilinmoqda.

“O‘zbekiston milliy qonunchilikni JST qoidalari bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan sa’y-harakatni, jumladan, Adliya vazirligi huzurida Milliy qonunchilikni JST bitimlari bilan uyg‘unlashtirish bo‘yicha yangi bo‘lim tashkil etish asnosida sezilarli darajada faollashtirdi”, deb yozgan manba.

O‘zA