Prezident Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 16-17 noyabr kunlari hududlar iqtisodiyoti, muhim ijtimoiy dasturlar ijrosi bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatida bo‘ldi.

Tashrifning ikkinchi kuni Termiz shahrida barpo etilgan Yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonasini borib ko‘rdi.

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 21 apreldagi qaroriga muvofiq, mamlakatimizning barcha hududlarida yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalari tashkil etilmoqda. Bu ularning tadbirkorlik faoliyatini boshlashi va yuritishlari uchun zamin bo‘lmoqda.

Termiz shahrining Tinchlik mahallasi hududida ham shunday sharoit tashkil etildi. 2 gektar maydondagi binolarda jami 42 ta loyiha joylashtirildi. Ular qurilish materiallari, kimyo va neft-kimyo, mebelsozlik, oziq-ovqat, to‘qimachilik sanoatiga taalluqli. Binolarni xarid qilish, uskunalar olib kelish va ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish uchun Yosh tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan imtiyozli kreditlar tijorat banklari orqali ajratiladi. Barcha korxonalar ishga tushgach, 500 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Davlatimiz rahbari bu yerda joylashtirilgan korxonalar mahsulotlarini ko‘zdan kechirdi. Ulardan biri anor sharbatini qadoqlab, qo‘shni davlatlarga eksport qilmoqda. Yana biri kiyim va gilam to‘qishni yo‘lga qo‘yib, xotin-qizlarni ish bilan ta’minlagan.

Prezident bunday sanoat zonalarini viloyatning har bir tumanida barpo etish, mahallalarda hunarmandchilik, kasanachilikni kengaytirish zarurligini ta’kidladi. Ikki yillik tajribadan kelib chiqib, Surxondaryoda yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilish, bunga 50 million dollar mablag‘ ajratish bo‘yicha taklif ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.

– Bugungi tadbirkor yoshlar – Yangi O‘zbekiston mahsuli. Ularning bilimi ham, intilishi ham yangicha. Shuning uchun sanoat zonalarini yoshlarning o‘ziga berish kerak. Bu tumanlar uchun tayyor «loyihalar fabrikasi» bo‘ladi. Mutasaddilar faqat korxonalarni innovatsiyaga o‘tkazishga, bozorga chiqishga ko‘maklashishi kerak. Bunda asosiysi – tannarx, sifat, raqobat, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Shuningdek, bu viloyat yoshlarining sportga qobiliyati zo‘rligi, lekin ular shug‘ullanayotgan sport turlari cheklanib qolgani qayd etildi. Shu bois Surxondaryo yoshlarini sportga jalb qilish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilandi. Bu maqsadlarga 30 milliard so‘m yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda. “Uchqizil” suv omborida baydarka va kanoeda eshkak eshish bazasi tashkil qilinadi.

Bu yerda mahalliy sanoat mahsulotlari namoyish etildi, investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi. Surxondaryo viloyatida umumiy qiymati 4 milliard 600 million dollarlik 82 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilmoqda. Buning 4 milliard dollari to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyadir. Energetika, kimyo, tog‘-kon, qurilish materiallari, to‘qimachilik va boshqa sanoat tarmoqlaridagi bu loyihalarda qo‘shimcha qiymatli mahsulotlar, o‘n minglab ish o‘rni yaratiladi.

Termiz shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida Surxondaryo viloyatini iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.

Hudud izchil rivojlanmoqda. Oldinda rejalar, imkoniyatlar ham ko‘p. Xususan, 3 milliard 300 million dollarlik 4 ta yangi yirik sanoat loyihasi shakllantirilgan. Bular hisobiga viloyat iqtisodiyotiga yiliga 6,5 trillion so‘m, byudjetiga 1,6 trillion so‘m, eksportiga 100 million dollar qo‘shiladi, 2 mingta yuqori daromadli ish o‘rinlari ochiladi. Jumladan, Boysundagi qariyb 3 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasida yiliga 5 milliard kub metr gaz tozalanib, 6 trillion so‘mlik tabiiy gaz va oltingugurt ishlab chiqariladi. Viloyatga yiliga o‘rtacha 120 million dollarlik eksport tushumi qo‘shiladi. Geologiya qidiruv ishlari kengaytirilib, yana 100 milliard kub metr gaz zaxiralari ochiladi.

– Surxondaryoda juda katta iqtisodiy salohiyat, yerosti va yerusti boyliklari, mard, mehnatkash xalqi bor. Hozircha bu salohiyatning yarmidan ham foydalanilmayapti. Sharoit yaratib, ish o‘rni, investitsiya, eksport va tushumni karra-karra oshirish lozim, – dedi davlat rahbari.

Shu bois kelgusi yili viloyatda 1,5 milliard dollar investitsiya olib kelib, sanoatda 12 trillion so‘m mahsulot ishlab chiqarish, eksportni 500 million dollarga yetkazib, 100 million dollar importni qisqartirish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi. 400 ming aholini band qilish viloyat va tuman hokimlarining asosiy vazifasi bo‘lishi kerakligi aytildi.

Viloyatga investitsiya jalb qilish va sanoatni rivojlantirishdagi eng katta zaxira – bu mavjud konlarni ishga solish ekani ta’kidlandi.

Sariosiyoda qo‘rg‘oshin, rux, oltin va oq marmar, Boysun va Sariosiyoda ko‘mir, Sherobodda kaliy o‘g‘iti zaxiralarini o‘zlashtirish bo‘yicha mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi. Tog‘li hududlarda geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish vazifasi qo‘yildi.

Surxondaryo o‘zining tabiiy tuproq-iqlim sharoiti bilan ertaki mahsulotlarni yetishtirishda birinchi o‘rinda bo‘lishi mumkin. Lekin, hosildorligi yuqori urug‘ va ko‘chat bilan ta’minlashda muammolar bor. Shu bois Qishloq xo‘jaligi vazirligiga 10 ta tumanda in vitro laboratoriyalarini tashkil qilish topshirildi.

Kelgusi yilda dala chetlarida quritish va saralash uskunalari hamda 70 ta kichik sovutkichlar o‘rnatiladi. 100 ming gektarda ixcham issiqxonalar tashkil qilib, barra piyoz, brokkoli, rozmarin, rukkola, qizil rayhon, yalpiz kabi eksportbop ekinlar yetishtiriladi.

Angor, Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoyda 6 ta saqlash, quritish va saralash markazi, Termiz tumanida Janubiy Koreya bilan birga 50 million dollarlik logistika xabi tashkil etilishi belgilandi.

Ingichka tolali g‘o‘za 15 foizgacha kam suv talab qiladi va erta pishadi. Shu bois bunday g‘o‘za navlari maydonini 50 ming gektargacha kengaytirish, uni qayta ishlashni 30 foizga yetkazish, molekulyar genetika va seleksiya bo‘yicha qo‘shma loyiha va zamonaviy laboratoriya tashkil etishga topshiriq berildi.

Yig‘ilishda suv tanqisligi muammosiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Surxondaryoda 80 foiz yerlar nasos orqali sug‘oriladi. Suv tannarxi 2 barobar qimmatga tushayapti, yiliga 20 million kilovatt soat elektr behuda sarflanayapti.

– “Suv tekin emas”, degan g‘oyani aholiga chuqur singdirish, uni mahalla faollari, nuroniylar, ziyolilar va keng jamoatchilik bilan birga kundalik turmush qoidasiga aylantirish lozim, – dedi Prezident.

Mutasaddilarga 47 ta kanalni betonlash bo‘yicha ikki yillik dastur ishlab chiqish, suv yo‘qotilishi ko‘p bo‘lgan 6 tasini ta’mirlash bo‘yicha topshiriq berildi.

Viloyatning turizm salohiyati ham yuqori. Bu yerda 600 dan ziyod madaniy meros va turizm manzillari bor. Hozirda “Dalvarzintepa” yodgorligida ochiq osmon muzeyini tashkil qilish bo‘yicha ish boshlangan.

Buni davom ettirib, Boysundagi “Boybuloq”, “Teshiktosh” va “Machay” g‘orlari, Uzundara qal’asini ham shunday muzeylarga aylantirish kerakligi ta’kidlandi. Sheroboddagi “Xatak” g‘ori va Zarautsoy qoyatoshiga xorijiy olimlar ekspeditsiyasi jalb etiladi. Sangardak kabi yana 10 ta mahalla turizm qishlog‘iga aylantiriladi.

“Omonxona” sanatoriyasi ta’mirlanib, quvvati kengaytiriladi. Yana bitta yangi sanatoriy ham quriladi. Boysun, Oltinsoy, Sariosiyo va Sherobodda dor yo‘li, mehmonxona va savdo xizmatlarini tashkil qilish bo‘yicha 200 million dollarlik loyihalar amalga oshiriladi.

Yig‘ilishda ijtimoiy masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.

Kasalliklarning oldini olish uchun har bir mahalla va dorixonalarda fitobarlar tashkil qilish, uy sharoitida qilinadigan mashqlar dasturi va sog‘lom ovqatlanish menyusini ishlab chiqish muhimligi ta’kidlandi.

“Boysun”, “Shalola”, “Boychechak”, “Bulbuli go‘yo” kabi badiiy jamoalarning xalqaro festivallarda ishtirok etishiga ko‘maklashish, doston va termalarning “Oltin fondi” yaratish zarurligi aytildi.

Surxon yoshlarini sportga jalb etishni kengaytirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilinishi belgilandi.

Yig‘ilish davomida vazirlar va hokimlar, ziyolilar, tadbirkorlarning fikr va takliflari eshitildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev “Indenim Textile” klasterining Termiz shahridagi to‘qimachilik korxonasi faoliyati bilan tanishdi.

Bu korxona 2019 yil ishga tushirilgan bo‘lib, uning umumiy qiymati 10 million dollardan ziyod. Germaniya, Yaponiya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlardan keltirilgan ilg‘or texnologiya va uskunalar samarasida yiliga 800 turdagi 9 million dona kiyim-kechaklar ishlab chiqarish quvvati yaratilgan. Ularning bir qismi eksportga, asosiy qismi ichki bozorga – “Indenim” do‘konlariga yetkazib berilmoqda.

Davlatimiz rahbari korxonadagi ish jarayonini, mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi.

– Yurtimizda to‘qimachilik xomashyosi bor, mahsulotlar sifati ham yaxshilanib borayapti. Faqat bizda dizayn maktabi yo‘q. Hozir dunyoda uslublar tez o‘zgarayapti. Kiyim korxonalarimiz raqobatbardosh bo‘lishi uchun dizayn maktabini rivojlantirish kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu borada kadrlar tayyorlash sifatini oshirish, mutaxassislarni Italiya kabi dizayn sohasi taraqqiy etgan mamlakatlarga tajriba uchun yuborish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. Shuningdek, bozorni o‘rganish va prognozlashtirish hamda tadbirkorlarga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi.

Korxonada monomarkaz tashkil etilgan, ishchilar avval shu yerda o‘qitiladi. Bugungi kunda 800 nafar xotin-qizning bandligi ta’minlangan.

“Indenim Textile” klasterining paxta yetishtirish va qayta ishlash, ip-kalava tayyorlash, kiyim ishlab chiqarish hamda sotish zanjiri yaratilgan. Ularda jami 9 ming nafardan ortiq xodim mehnat qilayotir.

Davlatimiz rahbariga korxonaning istiqboldagi rejalari haqida ma’lumot berildi. Kelgusida mato to‘qish va bo‘yash, kiyim-kechak ishlab chiqarish hajmi oshiriladi. Buning uchun umumiy 55 million dollar investitsiya yo‘naltiriladi. Natijada yana 10 mingta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Surxondaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

Ikrom AVVALBOEV,

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV,

O‘zA muxbirlari