Davra suhbati doirasida Yevroosiyo taraqqiyot banki rahbari va mas’ul vakillari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, “Markaziy Osiyoda irrigatsiya va suv resurslari”, “Xalqaro moliyaviy institutlarning  ekologik va  ijtimoiy standartlari”, “Markaziy Osiyoda loyihalarni amalga oshirishda xalqaro tashkilotlar va moliya institutlari  hamkorligining amaliy  misollari” mavzularida muhokamalar ham bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumot uchun, Yevroosiyo taraqqiyot banki  2006 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning faoliyati Yevroosiyo mamlakatlarida  iqtisodiyot,  savdo-iqtisodiy aloqalar va integratsiyaviy  jarayonlarni  rivojlantirishga yo‘naltirilgan.  Ushbu xalqaro moliyaviy tashkilot aholining turmush darajasini oshirish,  biznes, moliya muhitini rivojlantirishga    qaratilgan investitsiya loyihalarini  moliyalashtiradi.

2020 yilda Yevroosiyo taraqqiyot banki huzurida Raqamli tashabbuslar jamg‘armasi tashkil etildi. Uning asosiy maqsadi raqamli  transformatsiya jarayonida Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlashdir. Jamg‘arma sog‘liqni saqlash, savdo, davlat boshqaruvi, madaniyat, turizm, sport, ta’lim, ekologiya, energetika, atrof-muhitni muhofaza qilish,  ma’lumotlarni himoya qilish, transport, logistika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, mehnat bozori va migratsiya, shuningdek, moliyaviy texnologiyalar va  «aqlli shaharlar» kabi  sohalardagi  raqamli loyihalarni  amalga oshirishga ko‘maklashadi.

Yevroosiyo taraqqiyot banki portfelida transport infratuzilmasi, raqamli tizimlar, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi, sanoat va mashinasozlik yo‘nalishlaridagi  loyihalar asosiy o‘rinni egallaydi.

A.Mashrabxanov, O‘zA

Olma-ota, Qozog‘iston