Daraxtlar sayyoramiz ekotizimida muhim rol o‘ynaydi. Ular biologik xilma-xillikni saqlash, kislorod ishlab chiqarish, havoni tozalashga yordam beradi.

Fotosintez jarayonida daraxtlar karbonat angidridni o‘zlashtiradi, bu esa iqlim muvozanatini saqlash hamda atrof-muhit va havo sifatini yaxshilashga yordam beradi. Ularning ildizlari tuproqni ushlab turadi, eroziyaning oldini oladi va yerning unumdorligini saqlaydi. Tabiat yaratgan bu muvozanatni buzish oson, tiklash esa juda qiyin.

ErielL Group nafaqat o‘z faoliyati doirasida, balki jamoat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va daraxt ekish kampaniyalarida ishtirok etish orqali ham ekologik muvozanatni saqlashga mas’uldir.

So‘nggi ikki yil ichida Kompaniyalar guruhi tomonidan «Boysun» ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bazasi hududi gullab-yashnayotgan bog‘ga aylantirildi, «Yashil makon» aksiyasi doirasida boshqa ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash bazalarida ko‘chatlar ekildi, shuningdek, Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi G‘alaba bog‘i xiyoboni hududi obodonlashtirildi, Qarshi shahridagi «Muruvvat» maktab-internati uyi yoniga yapon soforasi ekildi. Bu “sayyoramiz o‘pkasi»ni tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan barcha ishlarning faqat bir qismi xolos.

29 oktyabr kuni «Orol dengizidagi bog‘im» loyihasi doirasida Eriell Group tomonidan 2000 tup ko‘chat xarid qilinib, Ustyurt ekspeditsiyasi tomonidan ularni Orol dengizi tubiga keng ko‘lamda ekish ishlari amalga oshirildi. Tadbir suv omborining o‘ziga xos ekotizimini saqlab qolish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Ilgari dunyodagi eng katta ko‘llardan biri bo‘lgan Orol dengizi ko‘p yillar davomida antropogen ta’sirlardan aziyat chekkan. Natijada suv yuzasi 90 foizga qisqarib, bu o‘z navbatida ekotizimga ham salbiy ta’sir ko‘rsatdi. Biroq ekologiya faollari, jumladan, Eriell Group Ustyurt ekspeditsiyasi xodimlarining birgalikdagi sa’y-harakatlari bu betakror, go‘zal maskanning ertangi kuni uchun umid baxsh etmoqda.

2 ming tup daraxt, jumladan, 250 tup shumtol, 250 tup qarag‘ay va 1 ming 500 tup saksovul ekilgani nafaqat fiziologik tiklanish timsoli hisoblanadi, balki Orolbo‘yida hayotni qayta tiklashga intilish istagini ham ifodalaydi.

Ustyurt ekspeditsiyasi mutaxassislari quyosh ilk zarrin nurlarini sochishi bilanoq o‘zgacha ishtiyoq va g‘ayrat bilan ishga kirishdi. Kun oxiriga kelib Orolbo‘yi hududining salmoqli qismi yangi ekilgan daraxtlarga to‘ldi.

– Daraxt ekish tabiatning bu betakror go‘shasini tiklash va o‘zgartirish sari qadamdir. Ekologik farovonlikka munosib hissa qo‘shish har birimizning burchimizdir», — dedi Ustyurt ekspeditsiyasi bosh muhandisi Rambergenov Isabay Dusenbayevich. – Shunday ekan, kelajak avlodlar uchun ekologik muvozanatni saqlash yo‘lida birgalikda harakat qilaylik.

Yosh nihollar, birinchi navbatda, Orol dengizi qirg‘oqlarida tuproqni ushlab turish, eroziyaning oldini olish va tuproqni yanada nobud bo‘lishdan asrashga yordam beradi. Ular havoni tozalash va changni ushlab qolishga qodir. Shu bilan birga, bu daraxt turlari quruq va issiq cho‘l sharoitiga moslashish singari noyob qobiliyatga ega. Aynan shu fazilatlari tufayli ular Eriell Group tomonidan Orol dengizi ekotizimini tiklash uchun tanlangan.

Ekish maydoni sug‘orish uchun suv ta’minoti tizimiga ham ega ekanligini ta’kidlash joiz. Bu yosh nihollarning ildiz otishi va kuchga to‘lishini ta’minlash uchun zarur chora hisoblanadi.

– Eriell Group shunday ezgu ishda ishtirok etayotganidan xursandman. Orol dengizi tubiga daraxt ekish strategik ahamiyatga ega bo‘lgan qaror bo‘lib, ijobiy o‘zgarishlarga olib kelishi, ekotizimni tiklash va aholi hayotini yaxshilashga xizmat qiladi, – deydi Ustyurt ekspeditsiyasi kadrlar bilan ishlash bo‘yicha yetakchi mutaxassisi Begdullayev Dauletbay G‘ayratdinovich.
Bunday tadbirlarni amalga oshirish ekologik muvozanatni saqlash va uni kelajak avlodlar manfaati yo‘lida yaxshilash maqsadida bo‘lgan boshqa korxona va tashkilotlar, jismoniy shaxslarga o‘rnak bo‘lishi lozim.

Bir paytlar go‘zal va betakror bo‘lgan Orol dengizi tubiga ko‘chatlar ekish nafaqat mahalliy o‘zgarishlar, balki sayyoramizning tiklanishiga bo‘lgan mushtarak umidimiz ramzidir.

Kelgusi yilda Eriell Group neft-servis kompaniyalari guruhi tashkil topganining 20 yilligi nishonlanadi. Demak, oldinda bevosita faoliyat bilan bir qatorda, ijtimoiy ahamiyatga ega tadbirlar bilan ham bog‘liq ko‘plab loyihalar turibdi.

O‘zA