Qarshi shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari yuzasidan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilganidek, Qashqadaryo respublikada eng ko‘p don va paxta yetkazib beradi.

Lekin viloyatda ish o‘rnini ko‘p yaratadigan mato to‘qish 30 foizdan oshmaydi, matoni bo‘yash yo‘lga qo‘yilmagan. Vaholanki, buni hisobidan qo‘shimcha 60 ming yoshlar va ayollarni band qilib, 500 milliard so‘m tushumni ta’minlash mumkin.

Shu bois kelgusi yil davomida viloyatda 370 million dollarlik 33 ta yirik loyiha ishga tushiriladi. Bu orqali tayyor trikotaj mahsulot ishlab chiqarish 1,6 barobar, mato ishlab chiqarish 3,1 barobar oshib, 8 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Viloyatda To‘qimachilik texnoparkini tashkil qilish va u yerga Yevropaning taniqli brendlarini olib kelish topshirildi.

Prezident bu yilgi mavsumdan to‘g‘ri saboqlar chiqarib, qishloq xo‘jaligidagi yondashuvlarni ham o‘zgartirish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi hamda hozirda kelgusi yildan boshlab fermerlarga klasterlarni ixtiyoriy tanlash hamda hosilning shartnomadan ortiqcha qismini erkin sotish imkoniyatini berish masalasi muhokama qilinayotganini aytdi.

O‘zA